Virtual makondagi behayolik ham javobgarlikka sabab bo‘ladi
Bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlar insonlar o‘rtasidagi muloqotning ajralmas qismiga aylandi. Biroq ushbu imkoniyatlardan noqonuniy va axloq me’yorlariga zid ravishda foydalanish nafaqat jamiyat ma’naviyatiga putur yetkazadi, balki qonun oldida javob berishga ham olib keladi. Buxoro viloyati Vobkent tumanida sodir bo‘lgan holat buning yana bir yaqqol isbotidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2008-yilda tug‘ilgan Sh.T. Telegram messenjeri orqali ikki nafar qiz – N. va H. bilan bog‘lanib, ularga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilgan. Suhbatlar davomida u shahvoniy mazmundagi gaplar bilan qizlarni bezovta qilib, shilqimlik qilgan. Shu bilan cheklanib qolmay, ularga turli pornografik materiallar hamda o‘zining intim suratlarini yuborgan.
Mazkur xatti-harakatlar qizlar va ularning yaqinlarida asosli norozilik uyg‘otgan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinishiga sabab bo‘lgan. Tekshiruv jarayonida huquqbuzarning harakatlari to‘liq tasdig‘ini topdi.
Sud majlisida Sh.T. o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirdi. Shuningdek, jabrlanuvchilardan kechirim so‘rab, bunday holat takrorlanmasligini aytdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan shahvoniy shilqimlik qilish hamda 189-moddasida belgilangan pornografik mahsulotlarni tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topdi.
Sud qaroriga muvofiq, huquqbuzarga nisbatan 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida — 20 million 600 ming so‘m jarima tayinlandi. Shuningdek, huquqbuzarlikni sodir etishda foydalanilgan Samsung A5 rusumli mobil telefon davlat foydasiga musodara qilindi.
Bu voqea virtual olamda qilingan har qanday noqonuniy harakat jazosiz qolmasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Internet orqali yuborilgan xabar, surat yoki videolar ham huquqiy bahoga ega bo‘lib, ular uchun shaxs qonun oldida javob beradi. Ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlarning sha’ni, qadr-qimmati hamda ruhiy daxlsizligiga tajovuz qiluvchi harakatlarga nisbatan qonunchilikda qat’iy choralar belgilangan.
Yoshlar internetdan madaniyatli va mas’uliyatli foydalanishi, har qanday axborot yoki muloqot ortida huquqiy oqibatlar bo‘lishi mumkinligini unutmasligi lozim. Chunki bir lahzalik beo‘ylik inson taqdiriga dog‘ bo‘lib tushishi, erkinligi va kelajagiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri