Yangi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
Bugungi Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlik nafaqat daromad manbai, balki iqtisodiy taraqqiyot, aholi bandligi va mahallalar rivojining eng muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining xususiy sektorni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish hamda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan tashabbuslari o‘zining yuksak samarasini bermoqda. Bugun yurtimizning chekka qishloqlarida ham zamonaviy texnologiyalarga tayangan yangi ishlab chiqarishlar tashkil etilib, mahalliy aholi uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda.
Buning yorqin misolini Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining Tayqir mahallasida yashovchi tashabbuskor tadbirkor Bahrom Sanoqulov faoliyatida ko‘rish mumkin. U mehnatsevarligi, izlanuvchanligi va zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishi orqali mahallada yangi ishlab chiqarish yo‘nalishini yo‘lga qo‘yib, ko‘plab yoshlar uchun ham ibrat bo‘lmoqda.
Tadbirkor Xitoy Xalq Respublikasidan yuqori texnologik temirga gul va naqsh bosish uskunasini olib kelib, turli o‘lcham va shakldagi metall listlarga nafis bezaklar tushirish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur texnologiya qurilish sohasida, darvoza va panjaralar, metall eshiklar, mebel qismlari hamda turli dekorativ buyumlar ishlab chiqarishda keng qo‘llanilib, mahsulotlarning tashqi ko‘rinishi, sifati va bozordagi raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshirmoqda.

Ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish maqsadida korxonaga bosim ostida ishlov beruvchi zamonaviy press dastgohi hamda lazerli payvandlash stanogi ham olib kelindi. Bu esa metallga yuqori aniqlikda ishlov berish, murakkab dizayndagi buyumlarni qisqa vaqt ichida tayyorlash va xalqaro standartlarga mos mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini yaratdi.
Bugungi kunda mazkur ishlab chiqarish korxonasida 4 nafar mahalliy fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan. Eng muhimi, tadbirkor yaqin kelajakda faoliyatini yanada kengaytirib, qo‘shimcha 8 ta yangi ish o‘rni tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu esa mahallada bandlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish va oilalar farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga nafaqat Qorako‘l tumani, balki Buxoro viloyatining turli shahar va tumanlaridan ham talab tobora ortib bormoqda. Mijozlar sonining ko‘payishi mahsulotlarning sifati, zamonaviy dizayni, mustahkamligi va raqobatbardoshligi yuqori ekanining amaliy isbotidir.
Tadbirkor Bahrom Sanoqulovning ta’kidlashicha, erishilayotgan natijalarning asosida davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar mujassam.

—Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash choralari bizga yanada katta maqsadlar sari intilish uchun kuch bag‘ishlamoqda. Zamonaviy texnologiyalarni olib kelish orqali mahalliy bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashni, kelgusida esa ishlab chiqarishni yanada kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Biz uchun eng katta yutuq — mijozlar ishonchi va yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdir, — deydi tadbirkor.
Bugun mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarda tadbirkorlar “iqtisodiyot drayveri” sifatida e’tirof etilmoqda. Xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishni kengaytirish, yuqori texnologiyali uskunalarni olib kelish uchun qulay sharoitlar yaratish, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar bugun o‘zining amaliy natijasini bermoqda.

Qorako‘llik Bahrom Sanoqulovning mehnatsevarligi va tashabbuskorligi ana shu ezgu siyosatning yorqin samarasidir. Zamonaviy texnologiyalarga tayangan ushbu korxona nafaqat sifatli mahsulot ishlab chiqarmoqda, balki mahallada yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush darajasini oshirish va hudud iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Shubhasiz, ana shunday fidoyi va izlanuvchan tadbirkorlar qancha ko‘paysa, mahalliy sanoat shuncha rivojlanadi, iqtisodiyotimiz shuncha mustahkamlanadi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yanada jadal sur’atlar bilan yuksalishda davom etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri