Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy axborot hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabarlar, kuzatuv va baholar berib borilmoqda. Bu jarayon nafaqat chet el media vakillari nuqtai nazarini, balki o‘lkamiz haqidagi haqqoniy tashqi qarashlarni ham umumlashtiradi. Shu tariqa mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, ochiq siyosati va islohotlari xalqaro axborot makonida qanday tahlil qilinayotgani haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin.
“AZERTAJ”: O‘zbekiston va Ozarbayjon olimlari ilmiy hamkorlikni kengaytirmoqda

Ozarbayjon davlat axborot agentligi – AZERTAJ O‘zbekiston Fanlar akademiyasi delegatsiyasining Ganja shahriga tashrifi haqida maqola e’lon qildi.
Nashrda mehmonlar Nizomiy Ganjaviy maqbarasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi hamda boshqa madaniy maskanlar bilan tanishgani qayd etilgan.
Maqolada uchrashuv davomida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro konferensiya tashkil etish va olimlar almashinuvini kengaytirish masalalari muhokama qilingani ta’kidlangan. Muallifning fikricha, mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Italpress”: O‘zbekiston va Italiya agrar sohada ilmiy sheriklikni mustahkamlamoqda

Italiyaning “Italpress” axborot agentligi O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yoritdi.
Materialda Italiya Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari kengashi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslarini boshqarish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish va agrar sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgani ta’kidlangan.
Shuningdek, Toshkentda o‘tkazilgan Ilmiy va biznes forumi doirasida yurtimizning 12 ta ilmiy muassasasi bilan anglashuv memorandumi imzolangani, mazkur hamkorlik mamlakatning “Qishloq xo‘jaligi – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga xizmat qilishi qayd etilgan.
“Sinxua”: O‘zbekistonda yashil energetika jadal rivojlanmoqda

Xitoyning “Sinxua” agentligi o‘lkamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi izchil oshib borayotganiga e’tibor qaratdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning dastlabki yetti oyida mamlakatda 7 milliard kilovatt-soat yashil energiya ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foiz ko‘pdir.
Materialda so‘nggi to‘rt yilda jami 23,4 milliard kilovatt-soat yashil energiya ishlab chiqarilgani, bu esa 6,24 milliard kub metr tabiiy gazni tejash va atmosferaga qariyb 13,5 million tonna zararli gaz chiqarilishining oldini olish imkonini bergani qayd etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston 2030-yilga qadar elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 50 foizdan oshirishni maqsad qilgani ta’kidlangan.
“Trend”: O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiy integratsiyaning yangi bosqichiga o‘tmoqda

Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini tahlil qildi.
Nashrda Bishkekda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes-forumi nafaqat o‘zaro savdoni kengaytirish, balki qo‘shma investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi va mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholangan.
Shuningdek, O‘zbekiston – Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyati, to‘qimachilik klasteri hamda sanoat-logistika markazlarini tashkil etish rejalari iqtisodiy integratsiyaning muhim yo‘nalishi sifatida qayd etilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyoda savdodan investitsiya va qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tish tendensiyasi tobora kuchaymoqda va Yangi O‘zbekiston bu jarayonning asosiy ishtirokchilaridan biriga aylanmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA