Yangi Ijtimoiy himoya majmuasi fuqarolarning individual imkoniyatlarini oshiradi (+video)
Prezident tashrifidan so‘ng...
Ijtimoiy himoya – mamlakat aholisi ijtimoiy va moddiy muhofaza qilinishini ta’minlaydigan, jamiyatda qaror topgan huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.
Bularning ortida esa ulug‘vor maqsad, ya’ni aholi farovonligini ta’minlash yotadi. Ayni yo‘nalishda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalar samarasi hududlarda bo‘y ko‘rsatmoqda. Toshkent viloyatida ilk marotaba tashkil etilgan Ijtimoiy himoya majmuasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga kompleks xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligining Nurafshon shahrida yangi barpo etilgan Ijtimoiy himoya majmuasida bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, majmua barpo etilishi hisobiga bugungi kunda Nurafshon shahri hamda unga yaqin bo‘lgan O‘rta Chirchiq, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlarida 10 mingga yaqin fuqaro ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi.
– Kuchli ijtimoiy siyosat O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lining yetakchi tamoyillaridan biri hisoblanadi, – deya fikr bildiradi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Nursultonov. – Bunga Prezidentning 2023-yilda qabul qilingan “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Hududimizda yangi barpo etilgan Ijtimoiy himoya majmuasida 5 та muassasa – Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi, Hududiy Ijtimoiy inspeksiya, Nurafshon shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi hamda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi joylashtirilgan.
Majmuada 100 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning jamiyatga to‘laqonli va mustaqil moslashishiga ko‘mak beriladi.
Shuningdek, Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarida fuqarolarning individual ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda nodavlat sektor imkoniyatlarini keng jalb etish orqali 5 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ko‘p yillar uyida o‘tirib qolgan nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar jamiyatga qo‘shiladi.
Quyida to‘liq video:
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/eO1zAnGBjJc?si=VOl086k81LZ27D-4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV(video),
O‘zA