Markaziy Osiyo va Janubiy Koreya strategik sheriklikning yangi bosqichini boshlamoqda
2024-yil iyun oyida Koreya Respublikasining o‘sha paytdagi prezidenti Yun Sok Yol Markaziy Osiyo davlatlariga tashrif buyurib, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Mazkur tashrif davomida ilk bor «Markaziy Osiyo – Janubiy Koreya» sammitini tashkil etish tashabbusi ham ilgari surildi.
Oradan salkam 2 yil o‘tib (2026-yil aprel oyida) Seul shahrida Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari ishtirokida yuqori darajadagi tayyorlov uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkaziladigan – «Markaziy Osiyo – Janubiy Koreya» (C5+Koreya) sammitining kun tartibini ham kelishib olishgan edi.
Bugungi globallashuv sharoitida davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik iqtisodiy taraqqiyot va mintaqaviy barqarorlikning muhim omiliga aylanmoqda. Ana shunday istiqbolli muloqot platformalaridan biri bo‘lajak C5+Koreya sammiti ikki mintaqa munosabatlarida yangi sahifa ochilishidan dalolat beradi deya e’tirof etilmoqda.
Joriy yil iyul oyida Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan sammit oldidan Markaziy Osiyo davlatlarining O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston) jurnalistlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Janubiy Koreyaga taklif etilgan 5 ta davlat media vakillarini Koreya Tashqi ishlar vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Chun I Xe qabul qildi. Dastur doirasida o‘tgan mazkur ilk rasmiy uchrashuv do‘stona va samimiy tarzda bo‘ldi.

Koreyalik diplomat tomonidan Markaziy Osiyo geografik jihatdan strategik hudud hisoblanishi alohida ta’kidlandi.
“Mintaqaning boy tabiiy resurslari, transport salohiyati va o‘sib borayotgan bozori Janubiy Koreya uchun katta qiziqish uyg‘otadi. O‘z navbatida, Koreya Respublikasi yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, sanoat va raqamli iqtisodiyot sohasida dunyo yetakchilaridan biri sifatida Markaziy Osiyo davlatlari uchun ishonchli sherik hisoblanadi.
Sammit doirasida tomonlar savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va logistika yo‘laklarini takomillashtirish, energetika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ekologiya sohalarida hamkorlikni kuchaytirish asosiy maqsadlarimiz”, – dedi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Chun I Xe xonim.

Shuningdek, bo‘lajak sammit bo‘yicha jurnalistlarni qiziqtirgan bir qancha savollarga ham javoblar olindi.
Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy qadriyatlari, urf-odatlari, dunyo qarashi ham ma’lum ma’noda o‘xshash ekanligiga Koreya Milliy folklor muzeyiga tashrif buyurgan har bir inson amin bo‘ladi. Mazkur muzeydagi Koreya tarixidan so‘zlovchi eksponatlar Markaziy Osiyo media vakillarini ham xayratlantirib qo‘ydi. Xorijiy jurnalistlar ikki mintaqa xalqlarining qadimgi yashash tarzi o‘xshash ekanligining isbotini ko‘rishdi.

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligining Shimoli-sharqiy va Markaziy Osiyo departamenti bosh direktori Jin Nam bilan norasmiy tarzda o‘tgan uchrashuv ham samimiy va qiziqarli o‘tdi. Bir piyola choy bahona dasturxon atrofida tashkil etilgan suhbat sentabr oyida bo‘ladigan sammit xususida bo‘ldi.

“Sammit mamlakatimiz uchun bir qator yangi imkoniyatlarni ochadi. Ayniqsa, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb qilish, sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, yosh mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish, yashil energetika va raqamli iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari paydo bo‘ladi”, – dedi diplomat Jin Nam.

Diplomat bilan suhbat jarayonida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar O‘zbekiston mustaqilligining ilk kunlaridan boshlangani, so‘nggi yillarda yanada izchil rivojlanib borayotgani ham alohida ta’kidlandi. Asosan, avtomobilsozlik, elektrotexnika, axborot texnologiyalari va ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar buning yaqqol isbotidir.
Markaziy Osiyo media vakillari Janubiy Koreyaning Global bilim va rivojlanish markazida ham bo‘lishdi. Innovatsion tarzda yaratilgan mazkur markazda Janubiy Koreyaning iqtisodiy o‘sishi va dunyodagi qudratli davlatlar qatoridan joy olish tarixi hamda bosqichlarining tadrijlari ketma-ketlikda yaratilgan.
Jurnalistlar markazdagi ko‘rgazmalarni tomosha qilisharkan, so‘nggi yuz yillikni o‘z ichiga olgan iqtisodiy rivojlanish bosqichiga o‘tishdagi qiyinchiliklarda bir tan-u, bir jon bo‘lib kurashgan Koreya xalqining metin irodasi eksponatlar orqali gavdalantirilganiga ham guvoh bo‘lishdi.

Jahonda geosiyosiy vaziyat murakkablashayotgan bir paytda Markaziy Osiyo davlatlarining S5+1 formatida hamkorlik qilishi ushbu davlatlar uchun birday ayni muhim qadamlardan hisoblanadi.
Janubiy Koreya bilan hamkorlik mintaqaning xalqaro nufuzini oshirish, transport-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga ham xizmat qilishi mutaxassislar tomonidan alohida ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik inson kapitalini rivojlantirishga, talabalar va olimlar almashinuvini kengaytirishga, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga zamin yaratadi.
Shu kabi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilayotgan «Markaziy Osiyo – Janubiy Koreya» sammiti mintaqa davlatlari va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi. Sammitda erishiladigan kelishuvlar investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Shu bois ushbu sammit nafaqat bugungi kun, balki kelajak taraqqiyoti uchun ham strategik ahamiyatga ega xalqaro muloqot platformasi sifatida baholanadi.

Sherali Otaboyev, O‘zA