Yangi favvoraning ochilish marosimi o‘tkazildi
Ma’lumki, 1-may mamlakatimizda Favvoralar kuni sifatida nishonlanadi. Zotan, favvoralar yurt obodligini ifodalovchi madaniy manzaradir.
Bayramga bayramona tuhfa deganlaridek, Yakkasaroy tumanidagi Bobur mahallasida 1-may — Favvoralar kuni munosabati bilan yangi favvora ishga tushirildi.


Tadbirning tantanali ochilish marosimida tuman mas’ullari, mahalladagi deputat, nuroniylar va faol fuqarolar ishtirok etib, hudud obodonchiligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Yangi favvora zamonaviy talablar asosida barpo etilgan bo‘lib, unda 200 tonna suv sig‘imi, 8 ta nasos va 55 ta suv puflagich o‘rnatilgan. Bu esa mahallaga yanada ko‘rk bag‘ishlab, aholi uchun xushmanzara dam olish maskaniga aylanishi shubhasiz.


Yakkasaroy tumanida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar hududning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Qayd etish joizki, bunday obodonchilik ishlari mamlakatimizning barcha go‘shalarida birdek olib borilmoqda.
Sherbek Islomov, O‘zA