Farg‘onada bitiruvchilar ish beruvchilar bilan yuzma-yuz uchrashdi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona davlat texnika universitetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Career Day – Kelajagingni bugundan tanla” shiori ostida mehnat yarmarkasi, “Ochiq eshiklar kuni” hamda amaliy workshop tadbirlari tashkil etildi.
Tadbir bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy yo‘nalishini belgilash hamda ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Unda ishlab chiqarishda boshqaruv va kimyo-texnologiya fakultetlari talabalari faol ishtirok etdi. Universitet rektori, professor Rustam Tojiyev ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday yarmarkalar talaba, ish beruvchi va kadrlar agentliklari o‘rtasida samarali muloqot maydonini yaratadi.
Yarmarkada ming nafarga yaqin talaba qatnashdi. Ularning 700 nafardan ortig‘i ishga joylashish maqsadida suhbatlarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. 60 dan ziyod korxona va tashkilot tomonidan 1000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi.
Kimyo-texnologiya fakultetining 3-bosqich talabasi Muhammadrasul Bannopov yarmarka orqali ishga joylashganini ta’kidladi. U Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Xaridlar markazi” davlat muassasasining Farg‘ona filialida muhandis sifatida faoliyat boshlashini ma’lum qildi.
[gallery-29134]
Tadbir davomida 78 nafar talaba ishga joylashdi. Shuningdek, 600 nafardan ortiq yosh keyingi bosqich suhbatlari uchun yo‘llanma oldi.
Mehnat yarmarkalarini universitetning boshqa fakultetlarida ham davom ettirish rejalashtirilgan. Bu talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va ularni mehnat bozori talablariga mos tayyorlashga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA