Yangi davr oliy diplomatiyasi
Davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash – tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi. O‘zA ushbu rukn orqali hafta davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi diplomatik muloqotlar tafsilotini taqdim etadi.

O‘zbekiston – Qirg‘iziston
30-iyul kuni Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari sezilarli darajada rivojlanganini qayd etdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollarga yetgani, 450 ta qo‘shma korxona tashkil etilgani ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida savdo, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, sanoat kooperatsiyasi va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Turkiya – Livan
30-iyul kuni Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Livan Prezidenti Jozef Aunni qabul qildi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabat, Livanning hududiy yaxlitligi va Yaqin Sharqdagi mintaqaviy vaziyat muhokama qilingan uchrashuvda Livan va Suriya o‘rtasidagi muloqot rivojlanishi umumiy manfaatga xizmat qilishi qayd etildi. Turkiya tomoni ikki davlat munosabatini mustahkamlashga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, Livan janubida faoliyat yuritayotgan BMTning muvaqqat tinchlikparvar kuchlari (UNIFIL) mandati yakunlangandan keyin hududda xavfsizlikni ta’minlash va Livan suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarda ishtirok etish niyati ma’lum qilindi. Turkiya Livan Qurolli kuchlariga xavfsizlik sohasida ko‘mak berishda davom etishini bildirdi.

Markaziy Osiyo
31-iyul kuni Cho‘lpon-Ota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mintaqaviy hamkorlik, siyosiy muloqot va o‘zaro aloqalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr bildirildi. Uchrashuv yakuni bo‘yicha Cho‘lpon-Ota deklaratsiyasi qabul qilindi. Hujjatda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy va transport aloqalarini kengaytirish, shuningdek mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA