Yangi avlod pedagoglari katta hayotga qadam qo‘ymoqda
Mamlakat taraqqiyoti va millat ertasi, avvalo, ta’lim tizimi hamda unda mehnat qilayotgan o‘qituvchilarning salohiyatiga bog‘liq. Shu bois, yurtimizda zamonaviy bilim va innovatsion ko‘nikmalarga ega yangi avlod pedagoglarini tayyorlashga strategik vazifa sifatida qaralmoqda. So‘nggi yillardagi islohotlar natijasida sohaga mutlaqo yangicha yondashadigan fidoyi muallimlar korpusi shakllanmoqda.
Shu kunlarda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida ushbu maqsad yo‘lidagi navbatdagi qutlug‘ qadam — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining “Yangi O‘zbekistonning yangi pedagoglari — kelajak bunyodkorlari” shiori ostidagi “Bitiruvchi–2026” tantanasi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizdagi eng yirik pedagogik oliy ta’lim muassasalaridan birining navbatdagi qaldirg‘ochlarini kuzatish kechasida bitiruvchilar, ularning ota-onalari, ustozlar va keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi.
— Ayni paytda oliygohimizda 18 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda, — dedi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari, universitet rektori Hilola Umarova. — Ularning qariyb 17 ming nafari bakalavriat, mingdan ortig‘i esa magistratura bosqichi talabalaridir. Xorijlik talabalar sonining yildan-yilga ortib borayotgani ham maskanimizning xalqaro nufuzi va jozibadorligi yuksalayotganidan dalolat beradi. Bo‘lajak mutaxassislarga 33 ta kafedrada 730 nafardan ziyod tajribali professor-o‘qituvchilar saboq bermoqda.
Joriy o‘quv yilida universitetni 5 ming 723 nafar yosh mutaxassis tamomlamoqda. Ularning 62 nafari imtiyozli diplom sohiblaridir. Eng quvonarlisi, bitiruvchilar orasida xalqaro va respublika miqyosidagi fan olimpiadalari, sport musobaqalari hamda ilmiy tanlovlar g‘oliblari talaygina. Bu yosh kuchlar yaqin yillarda yurtimiz maktab va bog‘chalariga kirib borib, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda bosh harakatlantiruvchi kuchga aylanadi.
Bugungi kunda universitet Belorus, Rossiya va Qozog‘istonning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlikda 6 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida kadrlar tayyorlamoqda. Bu esa yosh muallimlarning xalqaro standartlar asosida bilim olishi va mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlayapti.
Tantanali tadbirda so‘z olgan bitiruvchilar universitetda yaratilgan zamonaviy sharoitlar ularning nafaqat kasbiy, balki shaxsiy rivojlanishida ham muhim poydevor bo‘lganini e’tirof etib, ustozlariga cheksiz minnatdorlik bildirdilar.
Ko‘zlarida kelajakka ishonch, qalbida Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish tuyg‘usi jo‘sh urgan bir guruh iqtidorli yoshlarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
M.Hojiakbarova, O‘zA