Bilim va innovatsiyalar maskani
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti bugungi kunda dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan raqobatlasha oladigan zamonaviy ta’lim maskanlaridan biri hisoblanadi.
Poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilganining 5 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur universitet O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-iyundagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimizda xalqaro standartlar asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan yangi avlod oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
[gallery-30071]
O‘tgan besh yil davomida universitet zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda yoshlarni global raqobatbardosh mutaxassislar sifatida tayyorlash yo‘lida muhim natijalarga erishdi.
Yubiley tadbirida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xalqaro hamkorlar, diplomatik korpus vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar, bitiruvchilar hamda universitet rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriy mehmonlar ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, jahonning ilg‘or tajriba va standartlarini ta’lim jarayoniga keng joriy etish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi. Ayni shunday islohotlar samarasi o‘laroq yurtimizda “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etildi va bugungi kunda u xalqaro ta’lim maydonida munosib o‘rin egallab bormoqda.
Tadbir davomida universitetning besh yillik faoliyati sarhisob qilinib, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari taqdim etildi. Shuningdek, universitet taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan xodimlar va hamkorlar taqdirlandi. Madaniy dasturlar hamda xorijdagi hamkor tashkilotlar va universitetlar tomonidan yo‘llangan videomurojaatlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Darhaqiqat, “Yangi O‘zbekiston” universitetining 5 yillik yubileyi nafaqat uning bugungi yutuqlarini e’tirof etish, balki ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab olish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (suratlar), O‘zA