Xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar
Buxoroda bandlik, kasb-hunar va mehnat migratsiyasi masalalari o‘rganildi. Ayolning kasb egallashi — bir insonning emas, butun bir oilaning kelajagiga sarmoyadir. Uning munosib ish topishi, o‘z mehnati bilan daromad keltirishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi nafaqat oila farovonligini oshiradi, balki jamiyat taraqqiyotiga ham xizmat qiladi. Shu bois bugun xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini ta’minlash, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, mehnat migratsiyasi masalasiga kelganda, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni xorijda ishlashga puxta tayyorlash, xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash hamda Vatanga qaytganidan keyin ijtimoiy va iqtisodiy hayotga moslashishiga ko‘maklashish alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu boradagi asosiy maqsad — har bir ayolga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish, munosib daromad topish va hayotda o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun imkoniyat yaratishdir.
Buxoro viloyatida ham xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida viloyatda bank kreditlari hisobidan 58 mingdan ziyod tadbirkor ayolning umumiy qiymati 1,6 trillion so‘mlik loyihalari moliyalashtirilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida esa 3,9 ming nafar xotin-qizning 110,7 milliard so‘mlik loyihalari qo‘llab-quvvatlangan.
Shuningdek, viloyatda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlar soni qariyb 130 ming nafarni tashkil etmoqda. Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan «Moliyaviy ommabop» kredit mahsuloti doirasida joriy yilda 411 nafar xotin-qizga 18,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Bu raqamlar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning biznes g‘oyalarini amalga oshirish va mustaqil daromad manbalarini yaratish uchun moliyaviy imkoniyatlar kengayayotganini ko‘rsatadi. Biroq masalaning yana bir muhim jihati bor: ajratilgan kredit yoki moliyaviy ko‘makning o‘zi yakuniy natija emas. Asosiy mezon — ushbu mablag‘lar qanchalik samarali ishlatilayotgani, yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani, xotin-qizlarning doimiy daromadga ega bo‘layotgani va oilalar farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganidir. Shu nuqtai nazardan, moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kasbga o‘qitish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, bozor talablarini o‘rganish va loyihalarning keyingi faoliyatini kuzatib borish bilan uyg‘unlashtirish muhimdir.
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi O. Qozixonova hamda viloyat Kengashi deputatlari A. Umarov va H. Ortiqovalar Migratsiya agentligining Buxoro hududiy filialiga tashrif buyurib, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash va mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
O‘rganish davomida mehnat migratsiyasida bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, zarur hollarda Vatanga qaytarish hamda qaytganidan keyin ular bilan manzilli ishlash masalalariga e’tibor qaratildi.


Shuningdek, xorijda mehnat qilish istagidagi xotin-qizlarni chet tillari va zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilindi. Darhaqiqat, bugun xorijda mehnat qilish istagida bo‘lgan inson uchun faqat ish topishning o‘zi yetarli emas. U borayotgan mamlakatning tilini bilishi, kasbiy malakaga ega bo‘lishi, mehnat shartnomasi shartlarini tushunishi va o‘z huquqlarini himoya qila olishi kerak. Bu omillar, ayniqsa, turli qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin bo‘lgan xotin-qizlar uchun nihoyatda muhim. Shuning uchun mehnat migratsiyasiga tayyorgarlikni hujjatlarni rasmiylashtirish bilangina cheklab qo‘ymasdan, kasbiy ta’lim, huquqiy maslahat, psixologik tayyorgarlik va xorijdagi mehnat sharoitlari haqida ishonchli ma’lumot berish bilan birga olib borish maqsadga muvofiqdir.
Migratsiyadan qaytgan xotin-qizlar bilan ishlash ham alohida yondashuvni talab etadi. Ularning kasbiy tajribasi va orttirgan ko‘nikmalarini inobatga olib, munosib ishga joylashtirish, tadbirkorlikka yo‘naltirish yoki qayta tayyorlash kurslariga jalb etish orqali mehnat bozoriga qaytishini yengillashtirish mumkin.
Xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish uchun har bir hududning imkoniyatlari, mehnat bozoridagi talab va ayollarning ehtiyojlarini chuqur o‘rganish zarur. Zero, barcha uchun bir xil yechimni taklif etishdan ko‘ra, har bir insonning qobiliyati, kasbiy qiziqishi va oilaviy sharoitini hisobga olgan holda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish ko‘proq natija beradi. Masalan, tadbirkorlikka qiziqqan xotin-qiz uchun moliyaviy ko‘mak va biznes yuritish bo‘yicha maslahatlar muhim bo‘lsa, kasb egallash istagidagi ayol uchun sifatli o‘quv kurslari va amaliyot zarur. Xorijda ishlashni rejalashtirayotgan xotin-qiz esa til bilimi, kasbiy malaka va huquqiy himoyaga muhtoj bo‘ladi. Demak, bandlik siyosatida ana shu farqlarni hisobga olish, ko‘makni aniq ehtiyojga qarab yo‘naltirish lozim.
Oliy Majlis Senati va mahalliy Kengash deputatlari ishtirokidagi o‘rganishlar ham mavjud imkoniyatlarni baholash, muammolarni aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.


O‘rganishlar yakunida aniqlangan muammolar va mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda sohadagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi belgilangan.
Xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi — oila barqarorligi, ijtimoiy himoya va jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. O‘z kasbiga, doimiy daromadiga va kelajak rejasiga ega ayol oilasi farovonligiga munosib hissa qo‘shadi, farzandlarining ta’lim-tarbiyasi uchun kengroq imkoniyat yaratadi va jamiyat hayotida faol ishtirok etadi.
Buxoro viloyatida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalarni o‘rganishga qaratilgan ishlar ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Eng muhimi, natijadorlik ajratilgan mablag‘lar yoki tashkil etilgan tadbirlar soni bilangina emas, balki ishli bo‘lgan ayollar, barqaror daromadga ega oilalar, muvaffaqiyatli tadbirkorlik loyihalari va huquqlari ishonchli himoyalangan mehnat migrantlari misolida namoyon bo‘lishi kerak.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri