Turkiy dunyo yoshlari forumida delegatsiyamiz vakillari munosib ishtirok etdi
Turkiyaning Kojaeli shahrida “Umumiy meros, yagona yurak” shiori ostida tashkil etilgan Turkiy dunyo yoshlari uchrashuvi o‘z nihoyasiga yetdi. Uch kun davom etgan tadbirda TDTga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlardan kelgan yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, olimlar va ijodkorlar ishtirok etdi.
Anjuman turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, mushtarak tarixiy merosni yosh avlodga yetkazish, ta’lim, ilm-fan, media va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.

Tadbirning ochilish kunida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning turkiy dunyo yoshlariga yo‘llagan videomurojaati namoyish etildi. Shuningdek, Turkiya Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari Kurshad Zorlu ishtirokida “Turk dunyosi yoshlari bilan yuzma-yuz” muloqoti tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.
Yig‘in davomida turkiy dunyoning kelajagi, yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, milliy o‘zlik, diplomatiya va axborot sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan muhokamalar o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan jurnalist hamda blogerlar axborot sohasidagi hamkorlik, yolg‘on xabarlarga qarshi kurashish, an’anaviy va raqamli medianing imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

E’tiborli jihati, forumning madaniy dasturida O‘zbekiston vakillari ham faol ishtirok etishdi. Jumladan, xonandalar Maftuna Xolmurodova, Durdona Usmonova hamda “Music Bolalar” guruhi o‘z chiqishlari orqali milliy musiqa san’atimizni namoyish qildi.
– Turkiya sahnasida yurtimiz nomidan ishtirok etish biz uchun katta sharaf va mas’uliyat, – deydi “Music Bolalar” guruhi a’zolari. – Biz nafaqat o‘z ijodimizni, balki xalqimizning boy madaniyati va milliy qadriyatlarini ham namoyon etmoqdamiz. Kelgusida Turkiyada konsertlar tashkil etish, yangi ijodiy loyihalar orqali o‘zbek musiqasini yanada keng targ‘ib qilish niyatidamiz. Ishonamizki, san’at xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.

Kojaeli universiteti doktoranti, “Türkiye Bursları” dasturi stipendiati Islom Asilbekovning ta’kidlashicha, turkiy xalqlarning mushtarak tarixiy merosini zamonaviy ta’lim va ilmiy hamkorlik bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyatga ega.
– Alisher Navoiy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy va Mahmud Qoshg‘ariy kabi buyuk mutafakkirlar merosi xalqlarimizning ma’naviy yaqinligini namoyon etadi, - dedi u. – Bu boylikni nafaqat asrab-avaylash, balki zamonaviy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va media vositalari orqali yosh avlodga yetkazish zarur. Universitetlararo hamkorlik, talabalar va doktorantlar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar bu borada yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov ham bunday uchrashuvlar yoshlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

– Mazkur konferensiya turli mamlakatlardan kelgan yoshlarga o‘zaro tajriba almashish, bir-birining madaniyati va qarashlarini yaqindan anglash imkonini berdi, - dedi u. – Ayniqsa, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan, madaniyat va yoshlar sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishda bunday muloqotlar muhim. Biz Turkiyada tahsil olayotgan, ilmiy va ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga davom etamiz.
Anjuman yakunida turkiy dunyo yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 11 banddan iborat xulosa va takliflar ishlab chiqildi. Ularda Turkiy universitetlar ittifoqi (TURKUNIB) faoliyatini takomillashtirish, ilm-fan, sun’iy intellekt va innovatsiyalar sohasida “Raqamli Ipak yo‘li” doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish, yosh tadbirkorlar tarmoqlarini rivojlantirish, madaniy merosni raqamli platformalarda targ‘ib qilish, yosh diplomatlar dasturlarini kengaytirish, ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma madaniy-ijodiy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.

Navbatdagi Turkiy dunyo yoshlari uchrashuvini 2027-yilda Turkiyaning Kayseri shahrida o‘tkazish taklif qilindi.
Umuman olganda, Kojaelidagi uchrashuv turkiy xalqlarning mushtarak tarixiy va madaniy merosini zamonaviy taraqqiyot talablari bilan uyg‘unlashtirish, yoshlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda ta’lim, ilm-fan, axborot va madaniyat sohalarida yangi hamkorlik imkoniyatlarini belgilash uchun muhim maydon bo‘ldi.
Nodira Kayimova, O‘zA
Kojaeli, Turkiya