Xorijiy sayyohlarga O‘zbekistonda xarid qilingan tovarlar uchun QQS qaytariladi
Endilikda xorijiy sayyohlarga O‘zbekistonda sotib olingan tovarlar uchun hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) “Tax free” tamoyili asosida qaytarib beriladi. Bu amaliyot mamlakatda turizmni rivojlantirish, savdo hajmini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shu munosabat bilan Urganch xalqaro aeroporti hududida chet el fuqarolari tomonidan amalga oshirilgan xaridlarni tekshirish hamda QQS mablag‘larini qaytarish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishga mo‘ljallangan maxsus servis shoxobchasi tashkil etildi.

Mazkur tizimni joriy etishdan asosiy maqsad chet el fuqarolariga QQS qaytarish tizimi qamrovini kengaytirish, 2026–2027-yillarda xorijiy fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar hajmini 10 barobarga oshirish, chakana savdo sohasida hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlash, yashirin tovar aylanmasini qisqartirish va soliq tushumlarini oshirish shular jumlasidan.

Ma’lum qilinishicha, “Tax free” mablag‘lari tovarlar mamlakatdan olib chiqib ketilganidan so‘ng 3 ish kunidan kechiktirmagan holda xorijiy fuqarolarning bank kartasiga o‘tkazib beriladi. Bunda QQS qaytarish uchun minimal xarid qiymati 300 ming so‘m etib belgilangan.

Mazkur mexanizm joriy etilishi mamlakatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini ko‘paytirish, milliy brendlar va mahalliy mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning turistik jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Sh.Mamaturopova,
O‘zA