Biznesni rivojlantirish banki: 104 milliard so‘mlik operatsiya eskrou tizimi orqali amalga oshirildi
Milliy matbuot markazida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB: naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimi amalda” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda bank Boshqaruvi rahbariyati, tarkibiy tuzilmalar mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanni bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari O.Vohidov ochib berdi. Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda bank sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida aholiga taklif etilayotgan bank xizmatlari soni va sifati izchil oshib bormoqda. Bu esa fuqarolarga bank xizmatlaridan yanada qulay foydalanish imkoniyatini yaratmoqda. Shu bilan birga, banklar ham islohotlar sur’atiga moslashib, o‘z faoliyatini takomillashtirib bormoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida belgilangan vazifalar buning yaqqol tasdig‘idir.
[gallery-29110]
Matbuot anjumanida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan mazkur farmon ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan naqdsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish borasidagi amaliy natijalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etildiki, ushbu tashabbuslarning asosiy maqsadi mamlakatda naqdsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish, yuqori xavf mavjud bo‘lgan oldi-sotdi munosabatlarida zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish hamda aholi va biznes uchun tezkor, qulay va shaffof moliyaviy xizmatlar yaratishdan iborat.
Bankning chakana biznes bo‘yicha bosh direktori U.Alimov ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot qildi. Uning ma’lum qilishicha, farmon ijrosi doirasida o‘tkazilgan o‘rganish va monitoring natijasida 56 ta notarial idora qamrab olingan hamda ular bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, 238 ta yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘rganilib, ularning 224 tasi bank mijozlariga tegishli ekani aniqlangan. Bundan tashqari, 177 ta alkogol mahsulotlari savdo nuqtasi, 34 ta tamaki mahsulotlari savdo nuqtasi hamda 4 ta istirohat bog‘i va bolalar o‘yingohlari faoliyati ham tahlil qilingan.
- Ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarini sotib olish-sotish jarayonlarida xavfsiz hisob-kitoblarni ta’minlash maqsadida eskrou hisobvaraqlari tizimi joriy etildi, - dedi Biznesni rivojlantirish bankining chakana biznes bo‘yicha bosh direktori U.Alimov. - 2026-yil 30-martdan ushbu xizmat uchun yangi tariflar va komissiyalar tasdiqlanib, amaliyotga tatbiq etildi. Shuningdek, zarur biznes-jarayonlar, ariza shakllari va namunaviy shartnomalar ishlab chiqildi. Eskrou xizmatlarini yanada qulaylashtirish maqsadida notariuslar bilan hamkorlik kengaytirildi. 36 nafar notarius shanba kuni, 12 nafari esa yakshanba kuni xizmat ko‘rsatish tizimiga jalb etildi. Ofis-menejerlar va universal kassirlar uchun o‘quv qo‘llanmalar ishlab chiqildi, notarial idoralar va bank tizimi o‘rtasidagi jarayonlar to‘liq sinxronlashtirildi.
2026-yil 1-apreldan 29-aprelga qadar bo‘lgan davrda eskrou tizimi orqali 4 ming 215 ta hisobvaraq bo‘yicha muvaffaqiyatli operatsiyalar amalga oshirildi. Umumiy tranzaksiya hajmi 104,8 milliard so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida zamonaviy to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yagona QR-kod tizimi joriy etildi. Eski terminallar yangilariga almashtirildi, Uzcard va Humo kartalari orqali barqaror to‘lovlar ta’minlandi. Real vaqtda xabar berish uchun telegram-bot ishga tushirildi hamda 24/7 texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati tashkil etildi.
Naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish maqsadida turli aksiyalar va bonus dasturlari yo‘lga qo‘yildi. Yangi Uzcard va Humo kartalarini bepul chiqarish, “BRB TURBO” promo-aksiyasi hamda keshbek dasturlari shular jumlasidan. Bu tashabbuslar aholi orasida naqdsiz to‘lovlarni ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 50 mingdan ortiq “WELCOME” instant kartalar filiallarga yetkazildi. AYOQSHlarda bank mobil ilovasi orqali tezkor ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi.
Farmon ijrosi samaradorligini oshirish maqsadida xodimlar malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Treninglar, o‘quv qo‘llanmalar va yagona standartlar joriy etildi.
Nazorat va monitoring tizimi ham kuchaytirildi. Har bir ob’ektga mas’ul xodimlar biriktirildi, maxsus beyjiklar joriy etildi, xizmatlar doimiy nazorat ostiga olindi.
Anjuman yakunida bank tomonidan kelgusida naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmini yanada oshirish, iqtisodiy shaffoflikni kuchaytirish va raqamli xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangani ta’kidlandi.
Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA