Tibbiyot tashkilotlarida “Sirli mijoz” tadbirlari o‘tkaziladi
Ba’zi xususiy yoki davlat tibbiyot muassasalarida klinik protokollardan chetga chiqib, qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish, ortiqcha tibbiy tahlil va zarur bo‘lmagan dori vositalari yoki biologik faol qo‘shimchalarni buyurish holatlari uchrayotgani sir emas.
Shunday holatlarning oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Raqobat qo‘mitasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, vazirlikning Komplayens-nazorat boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan vazirlik klinik protokollariga amal qilinganligi yoki chetga chiqilganligi hamda sohada turli yo‘nalishda korrupsiyaviy holatlar yuzasidan tegishli xulosalar beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-oktabrdagi 667-son qarori asosida tasdiqlangan tegishli nizomga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayinlash, realizatsiya qilish hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini nazorat qilishda "Sirli mijoz" tadbirlarini o‘tkazish belgilangan. Bunday tadbirlar faqatgina audio yoki videokuzatuv moslamalaridan yashirin foydalanilgan holda uyushtiriladi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytda barcha tibbiyot tashkilotlarida “Sirli mijoz” tadbirlariga start berildi.
M.Qosimova, O‘zA