Xorazmda sog‘liqni saqlash sohasi tahlil va tanqid qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov rahbarligida Xorazm viloyatidagi davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va xavfsizligi holatini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Klinik audit inspeksiyasi tomonidan viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarida olib borilgan o‘rganishlar jarayonida tibbiy yordamni tashkil etish, bemorlarni qabul qilish va davolash, klinik protokol va standartlarga rioya qilish, tibbiy hujjatlarni yuritish hamda ichki audit tizimi faoliyati atroflicha tahlil qilindi.

Tahlillar natijasida ayrim davolash-profilaktika muassasalarida ijobiy ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan tizimli masalalar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, tibbiy hujjatlarni yuritish, tashxis va davolashda klinik protokollarga to‘liq rioya etish, laborator va instrumental tekshiruvlarni tayinlash hamda ichki audit ishlarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha har bir muassasa kesimida aniq chora-tadbirlar rejasini tuzish, mas’ul shaxslar va muddatlarni belgilash, xodimlarning malakasini oshirish hamda ijro nazoratini qat’iy ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA