Senat Raisi: "Qurilishlardagi noxush hodisalarni yashirish holatlariga huquqiy baho berilishi lozim"
Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda. Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlisda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi ish kunini qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqishdan boshladi.
Parlament so‘rovi doirasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tizimida korrupsiyaviy xavflarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, davlat xaridlarining shaffofligini ta’minlash, davlat arxitektura nazoratini kuchaytirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Korrupsiyaviy xavflarni funksional baholash natijasida 95 past, 10 o‘rta va 1 yuqori xavfli yo‘nalish aniqlangan. Davlat arxitektura nazorati tadbirlari davomida 1,65 mingta qonunbuzilish holati hamda 1,1 mingta o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshoot aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, 624 holatda ma’muriy choralar qo‘llanilgan, jarimalarning umumiy miqdori 68,6 milliard so‘mni tashkil etgan.

Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’ruza qildi. Sohada raqamli nazorat mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishlayotgani qayd etildi. Mazkur tizim o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizim bilan ta’minlangan hamda “Notarius”, “E-ma’muriy ish”, “Adolat” va “UzKad” axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.
Davlat xaridlari sohasida “Masofaviy audit” mexanizmidan foydalanish natijasida 3 milliard so‘mlik tenderda qonunbuzilishning oldi olingan, 869,5 million so‘mlik qonunbuzilish materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Mazkur masala bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva qurlishlarda xavfsizlik talablariga qanday rioya etilayotgani doimiy e’tibor markazida bo‘lishi zarurligini qayd etdi.
– Nazorat organlari xodimlari va pudratchilar o‘rtasida til biriktirish, qurilishlardagi noxush hodisalarni yashirish yoki aybdorlarni javobgarlikdan qutqarishga urinishlar mavjudligiga huquqiy baho berilishi lozim, - dedi T.Norboyeva. – Ayniqsa, o‘lim yoki og‘ir tan jarohati bilan yakunlangan baxtsiz hodisalarda korrupsiya alomatlari mavjud yoki mavjud emasligini prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘rganish maqsadga muvofiq. 2026-yilda qurilish sohasida korrupsiyani keltirib chiqarayotgan sabablar, omillar va mavjud shart-sharoitlarni tizimli va tanqidiy tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha 2027-yilga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish kerak. Umuman, mavjud muammolarni tizimli tahlil qilib, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga qaratilgan aniq choralarni amalga oshirish lozim. Bu qurilish sohasida korrupsiyaning oldini olish va xavfsizlikni ta’minlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Senat a’zosi Zumrad Bekatova vazirlik tizimida 59 nafar xodimda manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlanganini qayd etdi.

– Bu ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini oldindan aniqlash va ularni bartaraf etishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish zarurligini ko‘rsatmoqda, - dedi Z.Bekatova. – Davlat xaridlari sohasida aniqlangan qonunbuzilishi va moliyaviy xavflar esa xarid jarayonlarining barcha bosqichlarida ichki nazorat va risk-tahlil mexanizmlarini kuchaytirish hamda shaffoflikni ta’minlashni taqozo etmoqda. Vazirlikka 2025-yilda kelib tushgan 25 ming 46 murojaatning 8 ming 773 tasi (35 foizi) qurilish va bino-inshootlarga, 11 ming 457 tasi (46 foizi) esa ko‘p kvartirali uylarda umumiy mulkni saqlash va ta’mirlash hamda boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga oid bo‘lgan. Vazirlik tizimida murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarining buzilishi ham aniqlangan. Bu holat murojaatlar bilan ishlashda ichki nazorat va mas’ullarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Majlisda qurilish sohasida korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishda normativ talablarning aniq va tushunarli bo‘lishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Vazirlik tomonidan 105 eskirgan normativ-texnik hujjat qayta ishlangan, 76 hujjatning majburiy maqomi bekor qilinib, ma’lumot uchun tavsiyaviy toifaga o‘tkazilgan.

Senatorlar o‘z chiqishlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunbuzilish sodir etilganidan keyin chora ko‘rish bilan cheklanib qolmasdan, ularga imkon berayotgan tizimli omillarni bartaraf etish, inson omilini qisqartirish, qaror qabul qilish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratdi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha vazirlikka korrupsiyaviy xavflarni muntazam qayta baholash, yuqori xavfli yo‘nalishlar bo‘yicha nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning haqqoniyligi va to‘liqligini tahlil qilish, davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash, arxitektura nazoratida aniqlangan qonunbuzilishlarning tizimli sabablarini bartaraf etish hamda raqamli nazorat mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA