Xorazmda “O‘zA kunlari” tadbirlari boshlandi
Yangi loyiha: hududlarda “O‘zA kunlari”
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi — OʻzAning hududlardagi faoliyatini yanada jonlantirish, mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan axborot sohasidagi strategik hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish hamda viloyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini keng targʻib qilish maqsadida Xorazm viloyatida “OʻzA kunlari” loyihasiga start berildi.
[gallery-28379]
2026-yilning 27-28-mart kunlariga rejalashtirilgan mazkur tadbirlar doirasida Agentlik rahbariyati va taniqli jurnalistlardan iborat ijodiy guruh dastlab Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida boʻlib, talabalar hamda professor-oʻqituvchilar bilan samimiy muloqot oʻtkazdi. Uchrashuv avvalida mehmonlar oliy taʼlim dargohi olimlari va iqtidorli yoshlari tomonidan yaratilgan innovatsion mahsulotlar namunalari bilan yaqindan tanishib, hududiy ilm-fan yutuqlariga yuqori baho berdi.
Tadbir davomida “Jayhun” talabalar orkestri tomonidan ijro etilgan milliy va zamonaviy kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Shuningdek, universitetning axborot-kutubxona markazida OʻzAning mahoratli fotojurnalisti Alimurod Mamadaminovning Xorazm sportiga bagʻishlangan “Sportimiz — faxrimiz” nomli shaxsiy fotokoʻrgazmasi namoyish etildi. Ushbu ekspozitsiya orqali ishtirokchilar voha sportchilarining zafarli lahzalari va fotojurnalistika sanʼatining oʻziga xos qirralari bilan tanishish imkoniga ega boʻldi.
Ikki kun davom etadigan loyiha dasturidan viloyatda amalga oshirilayotgan yirik bunyodkorlik ishlari va investitsion loyihalar bilan tanishish, aholi bilan ochiq muloqotlar tashkil etish hamda hududning turistik jozibasini aks ettiruvchi maxsus videoroliklar va reportajlar tayyorlash kabi muhim vazifalar oʻrin olgan.
<iframe width="412" height="732" src="https://www.youtube.com/embed/WN8cv3o26CM" title="Xorazmda “O`zA kunlari” tadbirlari boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA muxbirlari