Ko‘plab mamlakat vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatida
Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo: unumdorlikdan farovonlik sari” I xalqaro forumi doirasida mintaqalararo iqtisodiy hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Mazkur nufuzli anjuman sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Forum doirasida Germaniya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur, Birlashgan Arab Amirliklari, shuningdek, qo‘shni davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, hududning sanoat va investitsiya salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Zomin tumanida barpo etilgan “Zomin Texnoparki” maxsus sanoat zonasiga tashrif buyurishdi. Ta’kidlanganidek, mazkur hudud davlat rahbari tashabbusi bilan 400 gektar maydonda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda umumiy qiymati 1,2 milliard dollarga teng 31 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Loyihalar ikki bosqichda hayotga tatbiq etilmoqda. Birinchi bosqichda 152 gektar maydonda 12 ta zamonaviy sanoat korxonasi qurilishi jadal olib borilmoqda. Barcha infratuzilma — elektr, gaz, suv ta’minoti, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari davlat tomonidan barpo etilgani investorlar uchun qulay sharoit yaratayotgani qayd etildi.
Shuningdek, investorlar uchun soliq imtiyozlari tizimi joriy qilingani alohida e’tiborga molik. Jumladan, 3 million dollardan ortiq investitsiya kiritgan tadbirkorlar 3 yilgacha, 5 million dollar sarmoya kiritganlar 5 yilgacha, 7 million dollar va undan ziyod mablag‘ yo‘naltirgan investorlar esa 10 yilgacha soliqlardan ozod etiladi.
Ayni paytda texnopark hududida 3 ta korxona ishga tushirilgan. Ular qurilish materiallari, maishiy texnika va alyuminiy profillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 240 nafardan ortiq aholi doimiy ish bilan ta’minlangan. Yil yakuniga qadar yana 10 ta zavod ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Barcha loyihalar to‘liq amalga oshirilganda esa 25 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
— Mazkur hududda yirik investitsiya loyihalari izchil amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik, — deydi Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Isoqjon Qurbonzoda. — Ayniqsa, yoshlarni ishlab chiqarish jarayoni bilan uyg‘un holda kasbga o‘qitish tizimi e’tiborimizni tortdi. Bunday yondashuv amaliy tajriba berishda juda samarali hisoblanadi. Markaziy Osiyoda bunday ko‘lamdagi, 25 mingta ish o‘rni yaratishni ko‘zda tutgan loyihani hali uchratmaganman.
Shundan so‘ng mehmonlar Zominda joylashgan yirik maishiy texnika ishlab chiqaruvchi “Artel Electronics” korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Korxona kir yuvish mashinalari, muzlatgichlar va televizorlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, o‘nlab ishlab chiqarish liniyalari faoliyat yuritmoqda. Bu yerda yuzlab yoshlar doimiy ish bilan ta’minlangani sanoatning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya Jizzax shahridagi “Iruskon” qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasiga tashrif buyurdi. Ushbu korxona “Dyea” brendi ostida 200 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqaradi va ularni 20 dan ziyod davlatga eksport qiladi.
10 gektar maydonda joylashgan fabrika yiliga 12 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, hozirda 350 nafar, asosan xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan. Yaqin istiqbolda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
— O‘zbekiston haqida avval ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumot olgan edim, — deydi Germaniya vakili Gesta Magen. — Bu yerga kelib, mamlakatning sanoat salohiyati, iqtisodiy o‘sish sur’atlari va insonlarning mehmondo‘stligini ko‘rib, katta taassurot oldim. Ishonchim komilki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi.
Tashrifning so‘nggi manzili Jizzaxdagi “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi bo‘ldi. Mazkur korxonada yengil avtomobillar zamonaviy texnologiyalar asosida yig‘ilmoqda. Loyiha doirasida xorijiy hamkorlar, jumladan, Xitoyning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Korxona qisqa vaqt ichida 58 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarib, 19,3 trillion so‘mlik mahsulot tayyorladi. Ayni paytda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar ichki bozor bilan bir qatorda eksportga ham yo‘naltirilmoqda.
[gallery-28384]
— Keyingi yillarda Jizzax viloyatida avtomobil sanoati jadal rivojlanganiga guvoh bo‘ldik, — deydi Qirg‘iz Respublikasi iqtisodiyot va tijorat vaziri o‘rinbosari Iskender Asilqulov. — Bu yerdagi sanoat salohiyatini men “Jizzax mo‘’jizasi” deb atagan bo‘lardim.
Umuman, xorijiy delegatsiyaning Jizzax viloyatiga tashrifi hududning investitsiyaviy jozibadorligi, sanoat qudrati va eksport imkoniyatlarini yana bir bor namoyon etdi. Bu esa viloyatning nafaqat mamlakat, balki butun mintaqada iqtisodiy o‘sish drayverlaridan biriga aylanayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari