«Prezident sovg‘asi» — bilim tomon qo‘yilgan ilk qadam uchun munosib tuhfa
Yangi o‘quv yili ostonasida maktabga ilk bor qadam qo‘yadigan bolajonlar uchun zarur o‘quv qurollaridan iborat an’anaviy «Prezident sovg‘asi» to‘plamlari Sirdaryo viloyatiga yetkazib berildi. Ayni kunlarda sovg‘alar ta’lim muassasalariga belgilangan tartibda tarqatilmoqda.
Joriy o‘quv yilida viloyatdagi 314 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda 23 ta nodavlat ta’lim tashkilotida 19 ming 490 nafar bolaning birinchi sinfga qabul qilinishi kutilmoqda. Ular uchun tayyorlangan «Prezident sovg‘asi» to‘plamlari yangi o‘quv yilini zarur o‘quv qurollari bilan ta’minlangan holda boshlashga xizmat qiladi.
Joriy yilgi to‘plam 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat.

Sovg‘alarning birinchi sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangani, avvalo, ularni maktab hayotining dastlabki kunlaridan zarur o‘quv vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu, o‘z navbatida, ota-onalarning farzandini maktabga tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarini kamaytirishga ham ko‘maklashadi.

— Birinchi sinfga qadam qo‘yish bola hayotidagi muhim bosqichlardan biri. Aynan shu davrda uning maktab, ustoz va bilim olishga nisbatan dastlabki munosabati shakllanadi. Shu ma’noda, «Prezident sovg‘asi» bolalarni zarur o‘quv qurollari bilan ta’minlash barobarida, ularning yangi muhitga moslashishi va ta’limga qiziqishini oshirishga ham xizmat qiladi, — deydi Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basining metodisti Go‘zal Ermatova .
Ayni paytda ta’lim muassasalarida to‘plamlarni qabul qilish, saqlash va birinchi sinf o‘quvchilariga yetkazish bilan bog‘liq ishlar davom etmoqda. Respublika miqyosida ham «Prezident sovg‘asi»ni barcha hududlarga yetkazish va maktablarga taqsimlash ishlari yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida yakunlanishi belgilangan.

Yaqin kunlarda maktablarda birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangraydi. Yelkasida yangi sumka, qo‘lida o‘quv qurollari bilan maktab ostonasidan ilk bor qadam qo‘yadigan bolajonlar uchun bu kun yangi bilim va imkoniyatlar sari yo‘lning boshlanishi bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri