Xo‘jaylida noqonuniy qurilma buzdirildi
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tuman bo‘limi tomonidan sudning yana bitta noqonuniy qurilishni buzish to‘g‘risidagi qarorining ijrosi ta’minlandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2025-yil 12-mart kungi qaroriga asosan, javobgar X.D. tomonidan o‘z uyining yonidagi bo‘sh turgan 96 kv.m. yer maydonga o‘zboshimchalik bilan qurilgan, turar joy qurilishi uchun mo‘ljallangan poydevorni majburiy buzdirish va yer maydonini yaroqli holatga keltirish belgilangan edi.
Ushbu qaror bo‘yicha chiqarilgan ijro hujjati asosida Majburiy ijro byurosi Xo‘jayli tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatiga kirishildi. Jumladan, javobgar X.D.ga o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmani ixtiyoriy ravishda buzish uchun 15 kunlik muddat berilgan.
Berilgan muddat ichida sud qarori talabi bajarilmaganligi sababli noqonuniy qurilma joriy yilning 24-iyul kuni maxsus texnika vositalari yordamida majburiy buzib tashlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri