Chinorlar nega kasallandi? - Mutaxassislar sabab va yechimni ma’lum qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Billur mahallasi hududida o‘sib turgan chinor daraxtlarining qurib borayotgani haqidagi murojaat keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Murojaat e’tiborsiz qolmadi — holat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi nazoratiga olinib, mutaxassislar tomonidan tezkor o‘rganildi.
Tekshiruv ishlari Toshkent shahar Ekologiya bosh boshqarmasi, O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi hamda Obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida amalga oshirildi. O‘rganishlar natijasida chinor daraxtlarida bir qator zararkunanda hasharotlar aniqlandi.

Mutaxassislar tomonidan daraxtlarni zararkunanda organizmlardan himoya qilish va ularning sog‘lom holatini tiklash bo‘yicha zarur agrotexnik hamda fitosanitar chora-tadbirlar boshlandi. Xususan, daraxtlarni maxsus vositalar bilan ishlov berish, ildiz tizimini mustahkamlash va ularning hayotiyligini saqlab qolishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.
Qonunchilikka muvofiq, “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga asosan o‘simliklarni zararli organizmlardan himoya qilish choralarini belgilash davlat fitosanitariya inspektorlarining vakolatiga kiradi.
Mahalla fuqarolarining ta’kidlashicha, murojaatdan so‘ng mutaxassislar qisqa vaqt ichida hududga kelib, daraxtlarni davolash ishlarini boshlagan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi daraxtlarga shikast yetkazish, ularni noqonuniy kesish yoki zararlanishiga sabab bo‘ladigan har qanday harakatlar qonunchilikka muvofiq qat’iy javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatdi.
Mutaxassislarning fikricha, shahar ekologiyasini saqlashda har bir daraxt muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun aholi tomonidan bunday holatlar haqida o‘z vaqtida xabar berilishi yashil hududlarni asrab qolish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA