Xitoy va Markaziy Osiyo savdosi 106 milliard dollardan oshdi
2025 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 106,3 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga o‘sgan.
Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, ilk bor tarixda Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 100 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, tovar ayirboshlash so‘nggi besh yil davomida barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilda Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun eng yirik savdo hamkoriga aylangan. Xitoyning mintaqa mamlakatlariga eksporti 71,2 milliard dollarga yetdi va bu yillik hisobda 11 foizga o‘sdi. Eksport hajmining ortishi asosan elektromexanik mahsulotlar hamda yuqori texnologiyali tovarlar yetkazib berishning ko‘payishi bilan bog‘liq.
Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Xitoyga import hajmi esa 35,1 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga oshdi.
Shuningdek, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transchegaraviy elektron tijorat jadal rivojlanib bormoqda. Logistika va ombor infratuzilmasini kengaytirish, shuningdek, transchegaraviy to‘lovlar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish ishlari davom etmoqda.
Bu jarayonlarda O‘zbekiston ham muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar faol rivojlanib, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi hamda raqamli iqtisodiyot sohalarida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning mintaqaviy savdo tizimidagi rolini yanada mustahkamlamoqda.
“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorlik izchil rivojlanib, o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, uskunalar ishlab chiqarish, ekologik toza resurslar va zamonaviy qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Bu esa mintaqa mamlakatlarining sanoatni modernizatsiya qilish va iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Xitoy Savdo vazirligi kelgusida savdo tuzilmasini optimallashtirish, yangi biznes shakllarini rivojlantirish hamda yuqori darajadagi institutsional hamkorlik mexanizmlarini yaratishga ko‘maklashishni davom ettirishini ma’lum qilgan.
Nilufar Bozorova,
O‘zA