O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasi: Iroq
Bugungi kunda O‘zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy diplomatiya ustuvor yo‘nalishga aylandi. Ushbu jarayon endilikda shunchaki aloqa o‘rnatish emas, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish va mamlakat xavfsizligi uchun mustahkam poydevor shakllantirish demakdir. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, iqtisodiy barqarorlik – inson qadrini yuksaltirishning eng muhim omilidir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi tarixiy rekord ko‘rsatkichga erishib, ilk bor 80 milliard dollardan oshdi. Eksport hajmi 33,5 milliard dollarni, xorijiy sarmoya esa 43 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Ayniqsa, 2025-yil imzolangan 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo bitimlari mamlakatimiz iqtisodiy jozibadorligi ortib borayotganidan dalolat.
Keyingi payt Iroq ishlab chiqaruvchilarimiz uchun yangi, istiqbolli bozor sifatida namoyon bo‘lmoqda. Yiliga qariyb 100 milliard dollarlik mahsulot import qiluvchi ushbu mamlakat bizning tadbirkorlar uchun strategik hamkorga aylanmoqda. So‘nggi ikki yilda o‘zaro tovar aylanmasi 43 foiz oshdi. Iroqdan 150 yirik kompaniya vakillari yurtimizga tashrif buyurib, mahalliy ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi. Ular O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yuqori baholab, Iroqda brendlarimizning rasmiy vakillik tarmog‘ini ochishga qaror qildi.
Hozir eksportchilarimiz asosiy e’tiborni oziq-ovqat, tamaki mahsulotlari va kimyo sanoati tovarlariga qaratgan. Iroqdan import qilinayotgan mahsulotlar asosan yonilg‘i-energetika resurslari va neft mahsulotlaridan iborat. Faqat joriy yilning o‘zida Iroqqa yuzlab million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga elchilarimizga nafaqat siyosiy, balki faol iqtisodiy vazifalar ham yuklanmoqda. Iroq bilan yo‘lga qo‘yilgan muvaffaqiyatli tajriba asosida Vetnam, Bahrayn va Portugaliya kabi davlatlar bozoriga ham chuqur kirib borish rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasi yangi bosqichga chiqdi. Tashqi bozorlardagi faollik nafaqat eksport miqdorini oshirmoqda, balki ichki iqtisodiyotni yuksaltirish drayveriga aylanmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA