Xitoy havo hududini buzgan Filippin harbiy samolyoti ogohlantirildi
Filippin Harbiy-havo kuchlariga tegishli C-208 samolyoti Xitoy hukumati rasmiy ruxsatisiz Xuangyan oroli ustidagi suveren havo hududiga noqonuniy ravishda kirib kelgan.
Holatga javoban Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Janubiy jangovar qo‘mondonligi zudlik bilan harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlarini safarbar etdi. Havo kemasi to‘liq kuzatuvga olinib, amaldagi me’yorga muvofiq rasmiy ogohlantirish berildi va hududdan chiqarib yuborildi.
Janubiy qo‘mondonlik matbuot kotibi Chjay Shichen bayonotida Xuangyan oroli azaldan XXR ajralmas hududi ekani alohida ta’kidlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Filippin tomonining bunday hatti-harakati mamlakat suverenitetini ochiqdan-ochiq buzish hisoblanadi va dengiz hamda havo hududida noxush hodisalar kelib chiqish xavfini keskin oshiradi.
Pekin Manilani bunday ig‘vogarona huquqbuzarlik harakatini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirib, Xitoy Qurolli kuchlari milliy xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlikni himoya qilish uchun to‘liq jangovar shaylik holatida ekanini bildirdi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA