Estoniya Rossiya chegarasi yaqiniga qo‘shin safarbar etmoqda
Estoniya quruqlikdagi kuchlarining asosiy jangovar bo‘linmasi hisoblangan 1-piyoda brigadasini Rossiyaning ehtimoliy hujumiga tezkor va samarali javob qaytarish maqsadida chegaradan 50 kilometrdan kamroq masofada joylashgan yangi, kengaytirilgan harbiy bazaga ko‘chirmoqda.
Brigada qo‘mondoni Tarmo Kundla “Financial Times” nashriga ma’lum qilishicha, bo‘linma Tapa shahridagi bazasidan Rossiya bilan chegaradosh Narva shahri g‘arbida joylashgan Yixvi shahriga ko‘chiriladi. Aholisining aksari rus tilida so‘zlashadigan Narva shahri geografik joylashuvi va Kreml tashviqotida tez-tez tilga olinishi sababli gibrid yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy hujumning ehtimoliy nishonlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bu galgi ko‘chish harbiy strategiya tub burilishi bilan bog‘liq bo‘lib, Estoniya NATO nizomi 5-moddasi va mintaqadagi ittifoqchilar havo kuchlariga tayangan holda “faol mudofaa” pozitsiyasiga o‘tyapti. Bu esa tajovuz sodir bo‘lgan ilk daqiqalardanoq chegarada jangga kirishish va Rossiya hududi ichkarisidagi nishonlarga darhol zarba berish imkonini yaratadi.
To‘g‘ri, Moskva Ukrainadagi to‘liq miqyosli urushning qariyb besh yili davomida o‘z strategik maqsadlariga erisha olmayapti. Shunga qaramasdan, ushbu nizo NATO sharqiy qanotidagi mamlakatlarni mudofaa xarajatini keskin oshirish va harbiy doktrinalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilyapti. Ayniqsa, AQSH ma’muriyati tomonidan Yevropa xavfsizligi kafolati hamda Shimoliy Atlantika alyansi nizomining yuqorida aytib o‘tilgan moddasiga nisbatan bildirilgan shubha mintaqa davlatlarida xavotirni kuchaytirdi. Xususan, 2026-yil Estoniya mudofaa byudjetini rekord darajada – 42 foiz oshirib, 2,4 milliard yevro, ya’ni yalpi ichki mahsulotning qariyb 5,4 foiziga yetkazdi. Shu mablag‘ hisobidan AQSH va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy raketa tizimi xarid qilinmoqda.
Estoniya Mudofaa vazirligi mulozimlari ta’kidlashicha, so‘nggi 10 yil ichida mudofaa rejasi deyarli o‘zgarmay kelgan edi. Endi Rossiya chegarada o‘z kuchlarini ikki barobar kuchaytirishni rejalashtirgan bir payt Estoniya ham mudofaa tizimidagi ko‘plab yo‘nalishlarni tubdan o‘zgartirishga majbur bo‘lmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA