Xitoy elchisi Yangi O‘zbekistondagi islohotlar sur’atini yuqori baholadi
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan 17–18-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Tashrif doirasida oliy va yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazilib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Tashrif yakunlari, erishilgan kelishuvlar va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun janoblari bilan suhbatlashdik.

– Bosh vazirimiz janob Li Syan boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama munosabatlarimizdagi muhim voqea bo‘ldi, – deb so‘z boshladi elchi. – Tashrif doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan samarali uchrashuv o‘tkazilib, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Hamkorlikni faollashtirishning yangi yo‘nalishlari, ustuvor vazifalar va amaliy rejalar belgilab olindi.
Tashrif davomida savdo, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni qamrab olgan qator hujjatlar imzolandi. Bu esa o‘zaro aloqalarimizning yanada kengayishi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda. Tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qaratilgan aniq vazifalar va «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishi kutilmoqda. Ishonchim komilki, bu galgi uchrashuv va muzokaralar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi.
Delegatsiyamiz tashrif davomida Islom sivilizatsiyasi markazida ham bo‘ldi. Markazda biz O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi va ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida keng tasavvurga ega bo‘ldik.
Ushbu maskanda Buyuk ipak yo‘li, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari hamda O‘zbekistonning chuqur tarixiy va madaniy ildizlari yorqin namoyon etilgan. Bu yerdagi ekspozitsiyalar mamlakatingizning buyuk o‘tmishi bilan birga, uning kelajak taraqqiyoti uchun ham ulkan salohiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Xalqlarimiz bir-birini yanada yaxshiroq anglashi, o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashida madaniy-gumanitar hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Shu bois delegatsiyamizning tashrifidan ko‘zlangan maqsadlardan biri ham madaniy va sivilizatsiyalararo muloqotni kengaytirish, tajriba almashishni rivojlantirishdan iborat. Bu kabi aloqalar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video),
O‘zA