“Xavfsiz va sog‘lom yurt”: 395 dona sovuq qurol muomaladan chiqarildi
Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish bugun ichki ishlar organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri doirasida “Tig‘” maxsus profilaktik tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda. Viloyat IIBB va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan o‘tgan sakkiz kun davomida o‘tkazilgan reydlar chog‘ida ko‘cha va jamoat joylari, aholi gavjum hududlar hamda boshqa manzillarda o‘tkir tig‘li ashyolarni noqonuniy ravishda olib yurgan 389 nafar shaxs aniqlandi.

Ulardan jami 395 dona sovuq qurol va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolar belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, muomaladan chiqarildi. Olib qo‘yilgan ashyolarning 307 tasini pichoq, 66 tasini kastet, 8 tasini bita tashkil etadi. Qolgan 14 tasi esa boshqa turdagi o‘tkir tig‘li jismlardan iborat.

Bunday profilaktik tadbirlar nafaqat noqonuniy ravishda sovuq qurol olib yurish holatlarini aniqlash, balki turli nizo va janjallar oqibatida og‘ir tan jarohati yetkazilishi yoki boshqa og‘ir jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga ham xizmat qilmoqda. Bu esa jamoat xavfsizligini ta’minlash va fuqarolarning tinch-osoyishta hayot kechirishini kafolatlashda muhim ahamiyatga ega.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni qonunga xilof ravishda olib yurish qonunchilikka asosan taqiqlangan. Shu munosabat bilan ichki ishlar organlari fuqarolarni qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga, jamoat joylarida sovuq qurol va o‘tkir tig‘li ashyolarni olib yurmaslikka chaqiradi.
Ayni paytda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari barcha shahar va tumanlarda kuchaytirilgan tarzda olib borilmoqda.
A. Musayev, O‘zA.