"Mahalla yettiligi"ga yangi vazifalar tushuntirildi
Prezidentning 2026-yil 24-iyunda qabul qilingan "Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni mazmun-mohiyatini joylarda keng tushuntirish hamda unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyatida "Mahalla yettiligi" a’zolari uchun o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi, Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev raisligida videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan seminarda Sirdaryo viloyatining 221 ta mahallasidan 1369 nafar "mahalla yettiligi" a’zosi ishtirok etdi.
O‘quvlar davomida Prezident Farmoni bilan mahalla boshqaruvi tizimida joriy etilayotgan yangiliklar, "mahalla yettiligi" a’zolarining huquq va vakolatlari, zimmalariga yuklatilgan yangi vazifalar hamda ularning amaliy ijrosi yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Farmon mahalla institutini yanada mustaqil, xalqchil va samarali boshqaruv tizimiga aylantirishga qaratilgan muhim siyosiy-huquqiy hujjatdir. Hujjat bilan mahalla boshqaruvini raqamlashtirish, davlat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, aholi murojaatlari bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi.
Seminarda Farmonning eng muhim yangiliklaridan biri sifatida «mahalla yettiligi» faoliyatining natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv tamoyili asosida qayta tashkil etilgani alohida qayd etildi. Agar avvalgi tartibda har bir a’zo asosan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritgan bo‘lsa, endilikda asosiy e’tibor ularning yagona jamoa sifatida ishlashi va umumiy natija uchun mas’ulligiga qaratildi.
Xususan, mahalla raisi uchun vazifalar soni 5 tadan 26 taga, hokim yordamchisi uchun 7 tadan 14 taga, xotin-qizlar faoli uchun 4 tadan 10 taga oshirildi. Shuningdek, profilaktika inspektoriga 22 ta, ijtimoiy xodimga 5 ta, soliq inspektoriga 13 ta vazifa yuklatildi. Eng muhimi, ilk bor "mahalla yettiligi" ning barcha a’zolari uchun 9 ta umumiy hamkorlikdagi vazifa huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Bu esa mahallalarda jamoaviy boshqaruvni kuchaytirish, mas’uliyatni aniq taqsimlash hamda aholi muammolarini kompleks hal etish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.
Shuningdek, endi mahallalar faoliyati o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, balki aholi bandligini ta’minlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, murojaatlarni o‘z vaqtida hal etish kabi aniq natijalar asosida baholanishi ta’kidlandi.
Seminar ishtirokchilariga "Raqamli mahalla" platformasining imkoniyatlari ham atroflicha tushuntirildi. Unga ko‘ra, aholi murojaatlari yagona elektron tizimda yuritilib, sun’iy intellekt asosida tahlil qilinadi, muammolar avtomatik tarzda mas’ullarga taqsimlanadi hamda ijro jarayonlari doimiy monitoring qilib boriladi.
Shu bilan birga, aholi muammolarini "mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika" tamoyili asosida hal etishning yangi mexanizmi, mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiluvchi yangi mablag‘ manbalari hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasining Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasiga har yili respublika byudjeti hisobidan 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgani qayd etildi.
Eng muhimi, Farmon bilan mahalla tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan 50 ta banddan iborat "Yo‘l xaritasi" tasdiqlandi. Mazkur hujjat belgilangan vazifalarning bosqichma-bosqich va tizimli amalga oshirilishini ta’minlaydigan muhim amaliy dastur hisoblanadi.
Mashg‘ulotlar yakunida ishtirokchilarga Prezident Farmonida belgilangan vazifalarni amaliyotga samarali tatbiq etish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash hamda aholi muammolarini manzilli hal etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
— Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur hujjat mahalla boshqaruvini tashkil etishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi. Unda «mahalla yettiligi» a’zolarining vazifa va vakolatlari zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqilib, eng muhimi, ularning yagona jamoa sifatida natija uchun ishlashi huquqiy jihatdan mustahkamlandi.
[gallery-30314]
Bugungi o‘quv-amaliy seminar ushbu o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini joylardagi mas’ullarga to‘liq yetkazish, yangi vazifalarni bir xil anglash va ularni amaliyotga samarali tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, «mahalla yettiligi» a’zolari uchun birinchi marta 9 ta umumiy hamkorlikdagi vazifaning belgilanishi mahallalarda jamoaviy boshqaruv va o‘zaro mas’uliyatni yanada kuchaytiradi.
Shuningdek, Farmon bilan tasdiqlangan 50 ta banddan iborat "Yo‘l xaritasi" belgilangan vazifalarning izchil va tizimli ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi. Sirdaryo viloyatida ham mazkur seminarda bildirilgan fikr va tavsiyalar asosida Prezident Farmoni ijrosini ta’minlash, "mahalla yettiligi" faoliyati samaradorligini yanada oshirish, aholi muammolarini manzilli hal etish hamda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu o‘z navbatida mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, — deydi O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hotamov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA