Xavfsiz mehnat talablariga qanchalik amal qilinmoqda?
Ish joyidagi oddiygina e’tiborsizlik, xavfsizlik qoidalariga beparvolik yoki zarur himoya vositalarining yo‘qligi kezi kelsa, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu ma’noda, mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish shunchaki qonuniy majburiyat emas, balki inson hayoti oldidagi mas’uliyat hamdir.
Xo‘sh, bugun korxona va tashkilotlarda xodimlarning xavfsiz mehnat qilishi uchun belgilangan talablarga qay darajada amal qilinmoqda?
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonunbuzilishlar ushbu savolga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.
Ayni yo‘nalishda inspeksiya tomonidan 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida mehnatni muhofaza qilish talablariga amal qilinishi o‘rganildi. Natijada 10 mingdan ziyod qonunbuzilish holati aniqlangan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzilishlarda 2 ming 167 nafar xodim mehnat xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnomadan o‘tkazilmagan. 1 ming 670 ta holatda xodimlarni o‘qitish va ularning bilimlarini tekshirish ishlari tashkil etilmagan.
Shuningdek, 858 ta holatda xodimlar maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanmagan, 676 tasida majburiy tibbiy ko‘riklar o‘tkazilmagan. Bundan tashqari, 108 ta holatda yetkazilgan zarar uchun to‘lovlar amalga oshirilmagani qayd etilgan.
Darhaqiqat, xodimlarni xavfsiz mehnat usullariga o‘rgatish, bilimlarini muntazam tekshirib borish, zarur himoya vositalari bilan ta’minlash va tibbiy ko‘riklarni o‘z vaqtida tashkil etish ish beruvchilarning muhim vazifalaridandir.
Zero, inson hayoti va salomatligidan qadrliroq boylik yo‘q.
A.RUSTAMOV,
O‘zA