Yuk yetkazishda “yashil yo‘laklar” masalasi ko‘rib chiqildi
O‘zbekistonda zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirishning ahamiyati ortib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov Germaniyaning “Rhenus SE & Co.” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi Andreas Shtyokli bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda O‘zbekistonda zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.
Jumladan, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ va “Rhenus” kompaniyalar guruhi tomonidan tashkil etilgan “UzContargo” MCHJ qo‘shma korxonasi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Andijondagi yuk terminalini rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish hamda O‘zbekistonga yuk yetkazib berish muddatlarini qisqartirish maqsadida “yashil yo‘laklar” tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihaning borishiga alohida to‘xtaldi. Vazir Andijonda zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish yangi xalqaro transport yo‘lagining jozibadorligini oshirish hamda mamlakat tranzit salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, “Rhenus” kompaniyasi vakili Andreas Shtyokli Toshkent viloyati, Samarqand va Termiz shaharlarida yuk terminallarini rivojlantirish loyihalarida bundan keyin ham faol ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekistonning mintaqaviy transport-logistika xabiga aylanish borasidagi imkoniyatlarini yuqori baholadi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA