Xavfsiz mahalla va jinoyatchilik profilaktikasi masalalari muhokama qilindi
Buxoro viloyatida Prezidentning 2026-yil 5-yanvardagi 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1-sonli “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda PQ–2-sonli “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B. Valiyev rahbarligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish hamda aholi bilan manzilli ishlash tizimini takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Kengaytirilgan tarzda tashkil etilgan yig‘ilishda Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, huquq-tartibot organlari vakillari, ta’lim va ilmiy muassasalar mutasaddilari, shuningdek Buxoro viloyatidagi mas’ul tashkilotlar ishtirok etdi.
Tadbirda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etish, aholi ayniqsa yoshlar, xotin-qizlar, muqaddam sudlanganlar va ishsiz fuqarolar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.


Respublika ishchi guruhi tomonidan Kogon tumani prokuraturasida tashkil etilgan shtab faoliyati o‘rganilib, “mahalla yettiligi” hamda “ijtimoiy profilaktika” ga mas’ul mutasaddilarning “yo‘l xarita”lari ijrosi bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Jumladan, aholi bandligini ta’minlash, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan individual profilaktik ishlar olib borish, ijtimoiy muammolarni bartaraf etish borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Yig‘ilishda oila-turmush munosabatlari doirasida yuzaga kelayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, mahallalarda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda “mahalla yettiligi”ning mas’uliyatini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, Kogon tumani prokuraturasi va IIB huzuridagi tergov bo‘linmalari faoliyati ham o‘rganilib, jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov jarayonlarida qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish, dalillarni o‘z vaqtida yig‘ish va rasmiylashtirish, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni undirish choralarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Tergov sifatini yaxshilash, sohani raqamlashtirish va tergovchilarning kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Ishchi guruhi Kogon shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabida ham bo‘lib, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi. Maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, to‘garaklar faoliyati, lider o‘quvchilar ishtirokida tashkil etilayotgan master-klasslar, fan olimpiadalari va sport musobaqalari orqali yoshlarni faollikka undash borasidagi tajribalar ijobiy baholandi.
Shu bilan birga, yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yoshlarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Qambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ullari tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. Xususan, “Osonish.uz” platformasi orqali munosib ish o‘rinlarini topish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi a’zolari G‘ijduvon tumanidagi “Sharq” va “Pomo‘za” mahallalarida ham bo‘lib, mahalla “yettiligi” faoliyati, huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan ijtimoiy va oilaviy muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mutasaddilarga profilaktika ishlarini manzilli va samarali tashkil etish, har bir xavf guruhiga kiruvchi shaxs bilan alohida ishlash tizimini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ta’kidlanganidek, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish faqat huquq-tartibot idoralarining emas, balki barcha davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorlikdagi mas’uliyatli vazifasi hisoblanadi. Bu borada aholi bilan yaqin muloqot, ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida hal etish va profilaktika tadbirlarini tizimli tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Buxoro viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri