Bir yerda ham dehqonchilik qilish, ham quyosh panellari orqali energiya olish mumkin (+video)
Prezident tashrifidan so‘ng...
Agrovoltaika – bu yerdan bir vaqtning o‘zida ham dehqonchilik, ham quyosh energiyasi olish imkonini beruvchi innovatsion tizimdir
Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 2-oktabrda “Sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Farmon ijrosi doirasida 2025-yilda Farg‘ona viloyati Quva tumanida agrovoltaika usulida uzumchilik bog‘i, chorva hamda baliqchilik kompleksi tashkil etildi.
Bu yerda “Avatar” navli uzumlar ekilgan, tepa qismida quyosh panellari o‘rnatilgan. Ya’ni, quyosh panellari orqali energiya olinadi va uning ostida uzumlar yetishib chiqadi. Yana bir muhim jihati, bu yerda uzumlar ostiga ham ekinlar ekilgan. Hududda shuningdek, baliq yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, baliq o‘g‘itlari bilan boyitilgan suv mazkur bog‘ni sug‘orishda ishlatiladi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 27-aprel kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida bu yerda ham bo‘lib, mazkur bog‘ faoliyati bilan tanishgan edi.
– O‘tgan yili Bog‘dorchilik assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda bog‘ tashkil qilganmiz. Hozir 5 MVt.lik elektrstansiyamiz bor, quyosh panellaridan foydalanib, elektr energiya ishlab chiqaryapmiz, – deydi “AOK garden” MCHJ rahbari Xurshid Saidov. – O‘zimizning asosiy iste’molimiz hozirgi kunda 2 MVt.ni tashkil qilmoqda. Tomchilab sug‘orish tizimi, qoramolchilik, baliqchilik va suvni ikki marta ishlatishni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Ya’ni, suvda baliq yetishtiriladi, undan chiqqan suv o‘g‘itlar bilan boyitilgan holatda, ekin dalalarini sug‘orishga sarflanadi. Shu qatorda qoramolchilik, mayda mollarni boqishni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Prezidentimizning yoshlarga, tadbirkorlarga berilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, quyosh panellari, tomchilab sug‘orish va quduqlar uchun 5 milliarddan ortiq subsidiya oldik.
Shular asosida hozirgi kunda 47 gektar uzum bog‘ini tashkil qilib, 120 ming tup ko‘chat ekkanmiz. 2027-yildan boshlab 3 ming tonna hosil olish rejalashtirilgan. Ushbu hosildan 300 tonna mayiz olib, o‘rtacha 8-10 million dollar atrofida eksport qilishni maqsad qilganmiz.
Bundan tashqari, go‘sht mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yib, O‘zbekiston bozorlarida oziq-ovqat erkinligi va narxlarni past ushlab turishga imkon qadar hissa qo‘shamiz.
Shu bilan birga, Prezidentimizning topshiriqlariga binoan, mahalliy hokimiyatlar ko‘magida, 40 gektar yerni o‘zlashtirish hisobiga parrandachilik, qayta tiklanuvchi energiya tizimlari, qo‘shimcha bog‘dorchilik tashkil qilish va uzum bog‘larini kengaytirishni reja qilganmiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/haXRMo67MLo" title="Bir yerda ham dehqonchilik, ham quyosh panellari orqali energiya" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdulaziz RUSTAMOV, Yoqub MELIBOEV (video), O‘zA