Xavfsiz mahalla tinch hayot kafolatidir
So‘nggi yillarda jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar, prokuratura, mahalla va boshqa mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, joylarda manzilli ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, har bir hududning kriminogen holatini chuqur tahlil qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat rahbarining 2026-yil 5-yanvarda qabul qilingan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturulamaldir.
Mazkur qaror asosida Buxoro viloyatida ham mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etildi. Xususan, joriy yilning 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan hududlarda hali yechimini kutayotgan masalalar ochiq tanqidiy ruhda tahlil qilinib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
Buxoro viloyati Vobkent tumanida sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foizga kamaygan. Har 100 ming nafar aholiga nisbatan jinoyatchilik ko‘rsatkichi 15 tani tashkil etmoqda. Albatta, firibgarlik, yengil tan jarohati yetkazish, yo‘l-transport hodisalari kabi holatlar hali ham kuzatilmoqda.
Tumandagi mahallalarda “mahalla yettiligi” hamkorligida manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Profilaktika inspektorlari, mahalla raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari va boshqa mas’ullar har kuni hududdagi vaziyatni tahlil qilib, muammolarni joyida hal etishga harakat qilmoqda.
Jumladan, Vobkent tumanida joriy yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra, qizil toifadagi mahallalar qolmagani e’tiborlidir. 39 ta mahalladan faqat 2 tasi sariq toifada qayd etilgan. Bu esa hududdagi profilaktik choralar samaradorligini anglatadi.
Amaliy ishlar tuman markazidagi Charmgaron mahallasida, ayniqsa, sezilmoqda. Ushbu mahallada 18 ta ko‘cha, 1660 ta xonadonda qariyb 6 ming nafar aholi yashaydi. Shuningdek, 5 ta umumta’lim maktabi, 19 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 2 ta bozor, 1 ta sanoat zonasi hamda 300 ga yaqin savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari mavjud. Tabiiyki, bunday yirik hududda xavfsizlikni ta’minlash katta mas’uliyat talab qiladi.
Shu maqsadda mahallada “Ijtimoiy profilaktika” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jami 259 ta xulosa shakllantirilib, birinchi chorakning o‘zida 159 tasi ijobiy hal etildi. Muammolar tegishliligiga qarab hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, soliq inspektori, profilaktika inspektori va ijtimoiy xodimlarga biriktirildi.
[gallery-29081]
Mahallada raqamlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ayni paytda 200 ta videokamera o‘rnatilgan bo‘lib, ularning 33 tasi kuzatuv, 19 tasi shaxsni tanib oluvchi, 15 tasi esa avtotransport davlat raqamlarini aniqlovchi qurilmalardir. Bu kabi zamonaviy texnologiyalar jinoyatlarni tezkor fosh etish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash borasidagi ishlar ham ijobiy natija bermoqda. Chunki tinch oila barqaror jamiyatning asosidir. Aholining ijtimoiy muammolari o‘z vaqtida hal etilsa, jinoyatchilikka sabab bo‘luvchi omillar ham bartaraf etiladi.
Prezidentimiz rahbarligida joriy etilayotgan yangi tizimlar mahallalarda osoyishtalikni mustahkamlab, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, “Xavfsiz mahalla” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilayotgani yurtimiz tinchligi va xalqimiz xotirjamligining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.