Xavfli vaziyatda xavfsizlikni ta’minlash – bosh maqsad
Samarqand shahrida Yevropa Ittifoqining kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy (KBRYA) xavflarni kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajriba markazlari tashabbusi doirasidagi 106-loyiha bo‘yicha navbatdagi xalqaro yig‘in bo‘lib o‘tdi.
Unda Yevropa Ittifoqining ushbu tashabbusi har bir davlatning o‘ziga xos ehtiyojlari, xavfsizlik talablari va rivojlanish imkoniyatlarini inobatga olgan holda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etilib, amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, xavfsizlikni ta’minlashdagi jarayonlar haqida fikr almashildi.
Tadbirning muhim bosqichi Samarqand shahri markazida joylashgan “Dinamo” stadionida o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari kabi asosiy milliy manfaatdor tashkilotlar ommaviy tadbirlar vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va radiologik tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zlarining tayyorgarlik va tezkor javob berish salohiyatini namoyish etishga qaratilgan amaliy dala mashg‘ulotlarida qatnashdi.
“Dinamo 2026” deb nomlangan maxsus dala sharoitidagi o‘quv mashg‘uloti avvalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy kotibiyat rahbari Abduvaqqos Rafiqov, Yevropa Ittifoqining kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy (KBRYA) xavflarni kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajriba markazlari tashabbusi doirasidagi 106-loyiha rahbari Jon Jons, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar va boshqalar ishtirok etib, tadbirning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi.
– Bugungi kunda kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy xavflar alohida bir davlat hududi bilan cheklanib qolmay, tahdidlar transchegaraviy xarakterga ega bo‘lib bormoqda, – dedi Abduvaqqos Rafiqov. – Ularga qarshi kurashish uchun davlatlararo hamkorlik, tezkor axborot almashinuvi va yagona yondashuv zarur. Mazkur dala mashg‘ulotlari bir yil davom etgan samarali hamkorlikning mantiqiy yakuni bo‘lib, O‘zbekiston vazirlik va idoralari hamda Yevropa Ittifoqi ekspertlari o‘rtasida o‘tkazilgan treninglar, uchrashuvlar va muhokamalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur tashabbus doirasida Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy kotibiyat oltita hamkor davlatni birlashtirib, tizimli muloqot, tajriba almashish va o‘zaro hamkorlik uchun noyob platformani ta’minlamoqda. Bizning asosiy maqsadimiz qo‘shma sa’y-harakatlar orqali nafaqat milliy salohiyatni mustahkamlash, balki uzoq muddatli mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va Markaziy Osiyoda yanada xavfsiz hamda barqaror kelajak uchun mustahkam poydevor yaratishdan iborat.
Qayd etilishicha, 2010-yilda boshlangan mazkur tashabbus doirasida, 2015-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan mintaqaviy kotibiyat orqali so‘nggi o‘n yilda 17 ta mintaqaviy va global loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
Ushbu loyihalar bioxavfsizlik va biohimoya, biologik hamda kimyoviy chiqindilarni boshqarish, muhim infratuzilmalarni himoya qilish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va javob berish, ikki maqsadli tovarlar ustidan strategik nazoratni kuchaytirish, xalqaro ekspertlar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
[gallery-29085]
– Dala mashg‘ulotining maqsadi kimyoviy yoki radiologik moddalar zararli tarzda tarqalgan holatda aholi xavfsizligini ta’minlashdan iborat, – deydi Yevropa Ittifoqining kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy (KBRYA) xavflarni kamaytirish bo‘yicha ilg‘or tajriba markazlari tashabbusi doirasidagi 106-loyiha rahbari Jon Jons. – Bugun biz favqulodda vaziyatlarga javob beruvchi xodimlar qanday qilib birlashib, aholi bilan ishlashi, hodisa joyini tekshirishi va vaziyatni barqaror holatga qaytarish uchun tozalash ishlarini olib borishi, shuningdek, jamoatchilikni sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor qilishini amalda ko‘rdik. Bu hech qachon sodir bo‘lmasligiga umid qiladigan, ammo shunga qaramay rejalashtirish jarayonimizning muhim qismi bo‘lgan holatlar uchun asosiy tayyorgarlik hisoblanadi.
Shartli jinoyatchilar tomonidan futbol maydonida o‘tkazilayotgan uchrashuv davomida sodir etilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va radiologik tahdid tegishli tuzilmalarning o‘zaro hamkorlikdagi tezkor harakatlari orqali o‘z vaqtida bartaraf etildi. Muhimi, har qanday sharoitda doimiy shaylikni saqlash ustuvor ahamiyat kasb etadi. Xavfsizlik – bugungi kun talabi bo‘lsa, samarali hamkorlik ertangi kunning mustahkam kafolatidir.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari