Xalqaro turnirda andijonlik yosh futbolchilar g‘olib bo‘ldi
Andijon shahridagi futbol akademiyasida futbol bo‘yicha “Andijon OPEN” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati hokimligi, sport boshqarmasi, futbol federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan turnirda 2011-yilda tug‘ilgan bolalardan tuzilgan Andijon futbol akademiyasining "Andijon", Belarus Respublikasining "Vitebsk" hamda Qirg‘iziston Respublikasining "O'sh-AFIM" jamoalari ishtirok etib g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Turnir uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi:
"Andijon" - "Vitebsk" 3:1
"Vitebsk" - "O'sh-AFIM" 1:0
"Andijon" - "O'sh-AFIM" 0:0

Yakuniy natijalarga ko‘ra turnirda 4 ochko jamg‘argan "Andijon" jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Belaruslik yosh futbolchilar 3 ochko bilan ikkinchi, qirg‘izistonlik futbolchilar 1 ochko bilan uchinchi o‘rinni band etdi.


Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida g‘olib jamoaga “Andijon OPEN” kubogi tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, ishtirokchi jamoalar hamda turnirning “Eng yaxshi darvozaboni”, “Eng yaxshi himoyachisi”, “Eng yaxshi hujumchisi” ham rag‘batlantirildi.

Murosasiz bahslar, yorqin o‘yinlar va unutilmas lahzalarga boy musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqladi, balki turli mamlakat vakillarini futbol va do‘stlik atrofida birlashtirdi. Zero, sportning eng katta g‘alabasi xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirishdir.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri