O‘zbekistonda ilk bor xalqaro hakamlik mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda
Poytaxtimiz Toshkentda Xalqaro stol tennisi federatsiyasining rivojlantirish dasturi doirasida stol tennisi mutaxassislari uchun ilk bor hakamlik o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazilmoqda.
Ikki bosqichdan iborat mashg‘ulotlarning dastlabki bosqichida mutaxassislar milliy toifa yo‘nalishida tahsil olsa, keyingi bosqichda xalqaro toifaning boshlang‘ich hakamlik toifasi uchun bilimlarini boyitishadi.

Aytish lozimki, mamlakatimizning barcha hududlaridan, shuningdek qo‘shni mamlakat sport tennisi mutaxassislari qatnashayotgan mashg‘ulotlarning birinchi bosqichi 6-oktabr kuni yakunlansa, ikkinchi bosqich 7-9-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Har ikki bosqichda ishtirok etgan mutaxassislar mashg‘ulotlar davomida stol tennisi qoidalari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlaydi. O‘quv-yig‘inlar yakunida mutaxassislar imtihon asosida tegishli sertifikatlarni qo‘lga kiritadi.
O‘zbekistonda stol tennisi bo‘yicha hakamlik salohiyatini oshirish, Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadigan mashg‘ulotlarni rossiyalik tajribali xalqaro toifadagi hakam Valentin Ponomarev olib bormoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA