Xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblariga beriladigan rag‘batlantirish pul miqdori oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 21-sentabrdagi “Nufuzli xalqaro shaxmat musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlari hamda ularning trenerlarini munosib rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, xalqaro nufuzli shaxmat musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan shaxmatchilarimiz hamda ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari miqdori oshiriladi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi shaxmatchilari va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlarining miqdorlari tasdiqlangan.
Masalan, Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasining (kattalar o‘rtasida) oltin medal sohibiga 200 ming dollar, uning treneriga esa 50 ming dollar kumush medal sohibiga 100 ming, treneriga 25 ming, bronza medal sohbga esa 50 ming, treneriga 12,5 ming dollar miqdorida bir martalik pul mukofotlari beriladi.
Ushbu sa’y-harakatlar mamlakatimizda sportni jadal rivojlantirish borasidagi islohotlarning mantiqiy davomidir. Bu kabi qo‘llab-quvvatlov yoshlarimizni sportga keng jalb qilish, jumladan, shaxmat sport turini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA