Navoiy shahrida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda
Shaharning bugungi qiyofasiga qarab, uning ertangi taraqqiyoti haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Yangi uy-joylar, zamonaviy ijtimoiy ob’ektlar, ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi, obod mahallalar – bularning barchasi, avvalo, inson uchun munosib hayot sharoitini yaratishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasidir. Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev O‘zA muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda shaharda aholi turmush farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Shahar taraqqiyoti haqida so‘z borganda, aholi daromadi, bandligi, tadbirkorlik imkoniyatlari, ta’lim va ijtimoiy xizmatlar sifati asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Bugun Navoiyning yirik sanoat markazi sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Ishlab chiqarish quvvatlarini yangilash, yangi loyihalarni amalga oshirish, korxonalar faoliyatini kengaytirish orqali shaharning iqtisodiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmining o‘sishi, eksport ko‘rsatkichlaridagi ijobiy natijalar iqtisodiy faollikning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda. Biroq iqtisodiy o‘sishning haqiqiy ahamiyati uning aholi hayotiga ta’siri bilan belgilanadi. Ishlab chiqarishdagi o‘sish yangi ish o‘rinlariga, yangi daromad manbalariga aylanishi kerak. Shu nuqtai nazardan, aholi bandligini ta’minlash masalasi doimo diqqat markazimizda.
2026-yilning birinchi yarmida 5,6 ming nafar shahar aholisi daromad keltiradigan mehnat faoliyatiga jalb etildi. Bu belgilangan olti oylik rejaning 235,7 foizga bajarilganini anglatadi.
Tadbirkorlik sohasidagi natijalar ham aholi bandligi va daromadlarini oshirish jarayoni bilan uzviy bog‘liq. Yilning birinchi yarmida 6,3 ming nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi. Shuningdek, 5,4 ming nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatidan foydalandi. Yangi tashkil etilgan korxonalar orqali 500 nafar, yakka tartibdagi tadbirkorlik asosida esa yana 400 nafar fuqaro o‘z faoliyatini boshladi.
Bugungi islohotlarning muhim vazifalaridan biri fuqarolarning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlarni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin hozirlashdir.
Shahar taraqqiyotini ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘larsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Yil boshidan buyon mahalliy byudjet daromadlarining rejadan ortiqcha qismi hisobidan ijtimoiy sohaga 7,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, 3,5 milliard so‘m maktablarga, 1,6 milliard so‘m maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, 1,5 milliard so‘m sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlariga, 1,1 milliard so‘m esa madaniy-ma’rifiy yo‘nalish va aholining ijtimoiy kayfiyatini yaxshilashga sarflanmoqda. Byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish shahar boshqaruvidagi muhim vazifalardan. Ortiqcha tushumdan shakllangan har bir mablag‘ aholi ehtiyojiga xizmat qilishi, mahallada yoki ijtimoiy muassasada o‘zining aniq natijasini ko‘rsatishi lozim. Ayniqsa, ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘larni kelajakka qaratilgan sarmoya sifatida baholash mumkin.
Bugun Navoiy shahridagi 23 ta umumta’lim maktabining 18 tasida inklyuziv sinflar faoliyat yuritmoqda. Joriy yil 2-iyul kuni shahar Kengashi tomonidan mahalliy byudjetning birinchi chorakdagi rejadan ortiqcha tushumlari hisobidan inklyuziv sinflarni jihozlash uchun 400 million 391 ming so‘m mablag‘ ajratildi.
Shaharning yangi qiyofasi ham amalga oshirilayotgan ana shu ishlar bilan birga shakllanmoqda. Yangi massivlarda ko‘p qavatli uy-joylar qad rostlamoqda, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlari yangilanmoqda. Mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish va aholi uchun qulay muhit yaratish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilda 19-umumta’lim maktabining 810 o‘rinli zamonaviy qo‘shimcha ta’lim binosi, “Yangi ariq” mahallasi binosi hamda qator ijtimoiy ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Al-Xorazmiy nomidagi ta’lim muassasasining qurilish ishlariga 36,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Loyiha doirasida nafaqat o‘quv korpusi, balki o‘quvchilar uchun 222 o‘rinli yotoqxona hamda 18x30 metr o‘lchamdagi zamonaviy sport zali ham qurildi.
Bu ob’ektlarning har biri shahar hayotida o‘z o‘rniga ega. Maktab farzandlarimiz ta’limi uchun, mahalla binosi aholi bilan ishlash sifatini oshirish uchun, ijtimoiy ob’ektlar esa odamlarning kundalik ehtiyojlarini ta’minlash uchun xizmat qiladi.
[gallery-31529]
Navoiy shahrining kelajagini iqtisodiy salohiyat va inson omilining uyg‘unligida ko‘rish mumkin. Sanoat rivojlanadi, yangi korxonalar ishga tushadi, tadbirkorlik kengayadi. Ammo bu jarayonlarning natijasi inson hayotida o‘z aksini topgandagina taraqqiyot to‘liq mazmun kasb etadi. Ishli inson, daromadi barqaror oila, zamonaviy sharoitda ta’lim olayotgan farzand, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor, obod va qulay mahallada yashayotgan aholi — shahar taraqqiyotining mazmuni ana shu oddiy, ammo muhim hayotiy natijalarda namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, Navoiy shahrida amalga oshirilayotgan islohotlar faqat raqamlar, qurilishlar yoki yangi loyihalar bilan o‘lchanmaydi. Ularning haqiqiy samarasi insonning o‘z hayotidagi o‘zgarish, yangi imkoniyat va ertangi kunga ishonch bilan belgilanadi.
Bugungi Navoiyning yangilanib borayotgan qiyofasi zamirida ana shu maqsad – inson manfaati, aholi farovonligi va barqaror taraqqiyot g‘oyasi mujassam. Shaharning bugungi bunyodkorlik sur’atlari esa uning ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri