Xalqaro nogironlar kuni nishonlandi
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Guliston shahridagi “Farovon” tantanalar uyida imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev hamda sektorlar rahbarlari, viloyat Nogironlar jamiyati, Karlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Afg‘onchilar birlashmasi, Chernobilchilar assotsiatsiyasi hamda nogiron bolalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
[gallery-15000]
Tadbirda viloyat hokimi Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning quyi bo‘g‘ini bo‘lgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, shuning barobarida amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash turganligi, taqdir taqozosi bilan nogiron bo‘lib qolganlar doimiy mehr va e’tiborda ekanligini qayd etdi.
– Prezidentimizning biz nogironlarga bo‘lgan e’tibori nafaqat nogironlar kunida, balki mamlakatimizda nishonlanadigan barcha bayramlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu e’tibordan bizlar ruhlanib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz yanada ortmoqda, – deydi 1-guruh nogironi A.Boboyev.
Tadbir viloyat san’at ustalari, taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlariga ulanib, barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Sh. Suyarov, Sh.Ortiqboyev,(foto) O‘zA muxbirlari.