“Yosh gvardiyachilar” musobaqasi g‘oliblari aniqlandi (+video)
Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi hamda Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi hamkorligida tashkil etilgan “Yosh gvardiyachilar” harbiy-sport musobaqasining shahar bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, ularni jismonan baquvvat, ma’nan barkamol etib tarbiyalash, shuningdek, harbiy xizmatga qiziqishini oshirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Harbiy-sport musobaqasi Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi tasarrufidagi harbiy qism hududida bo‘lib o‘tdi. Musobaqa ishtirokchilari orkestr sadolari ostida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi. Tantanali ochilish marosimida mas’ul rahbarlar, harbiy xizmatchilar va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarni Vatanga sadoqat, intizom va mas’uliyat ruhida tarbiyalash davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi.
Musobaqada Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarining o‘quvchi yoshlaridan tashkil topgan 11 ta jamoa ishtirok etdi. Ular 9 ta shart bo‘yicha o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etdi.
Jumladan, bilimdonlar bellashuvi, saf tayyorgarligi, ko‘rgazmali qo‘l jangi usullari, zaharlangan hududdan o‘tish, o‘q-dorilarni yetkazish, kamondan otish, suv to‘sig‘idan arqon yordamida o‘tish, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish shartlarida jamoalar faol qatnashdi.
Har bir shart ishtirokchilardan nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki tezkor fikrlash, jamoaviy hamjihatlik va intizomni talab qildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 3-o‘rin Yunusobod tumani 58-sonli umumta’lim maktabi jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Chilonzor tumani 168- sonli maktab jamoasi qo‘lga kiritdi. Uchtepa tumani 295-sonli maktab jamoasi 1- o‘ringa loyiq deb topildi.
G‘olib va sovrindor jamoalar diplom va esdalik sovg‘alari hamda musobaqa kubogi bilan taqdirlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/g8zF_Y_2AqE" title="“Yosh gvardiyachilar” musobaqasi g`oliblari aniqlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, S.Obidjonov (montaj), O‘zA