Xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi
Joriy yilning aprel-may oylari davomida poytaxtimiz Toshkentda badiiy gimnastika, taekvondo WT va velosport bo‘yicha bir qator nufuzli xalqaro musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan.
Xususan, 4-6-aprel kunlari badiiy gimnastika bo‘yicha “Yorqin yulduzcha” xalqaro turniri, 7–13-aprelda jahon kubogi bosqichi, 12-17-aprel kunlari taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati, 28-29-aprel kunlari Toshkent viloyatida velo shosse bo‘yicha “Tour of Bostonliq” va “Tour of Bostonliq Ladies” hamda 6-7-may kunlari velosportning trek yo‘nalishida “Grand Prix Tashkent” xalqaro turnirlariga Toshkent mezbonlik qilishi belgilangan.

Kuni kecha sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov va Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, tegishli tashkilotlarning mutasaddi va mutaxassislari ishtirokida mazkur musobaqalarga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Muhokamalar davomida mazkur xalqaro musobaqalar vatanimizning xalqaro maydondagi sport imijini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shu jihatdan, yurtimizga keladigan chet ellik sportchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, chempionatlar o‘tadigan sport majmualarini tayyorlash, mehmonxonalar va mashg‘ulot maydonlarining shart-sharoitlarini ko‘rib chiqish, ishtirokchilarning xavfsizligi, ishchi guruhlarning tizimli tarzda ish olib borishini ta’minlash masalalari yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston terma jamoalarining munosib ishtirok etishida murabbiy va sportchilarning mas’uliyatini oshirish, mashg‘ulot jarayonlariga e’tibor qaratish borasida tavsiyalar berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA