Bahromjon G‘oziyev “FEI Sport – 2026” forumida ishtirok etdi
Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) tashabbusi bilan Shveysariyaning Lozanna shahrida joylashgan “IMD Business School” bazasida “15-FEI Sport – 2026” forumi bo‘lib o‘tdi. Olimpiya poytaxti sifatida tanilgan ushbu nufuzli maskanda o‘tgan tadbirda 230 nafardan ortiq xalqaro mutaxassis va sport vakillari qatnashdi.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi, Osiyo ot sporti federatsiyasi vitse-prezidenti hamda “FEI Solidarity” departamenti kengashi a’zosi Bahromjon G‘oziyev ham ishtirok etdi.

Uch kun davom etgan forumda ot sportini yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, yosh sportchilarni yuqori sport mahorati bosqichiga olib chiqish va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasidagi yangi reglamentlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ot yo‘rttirish yo‘nalishidagi yangilik, “FEI Solidarity” dasturi doirasida joriy etilayotgan yangi “Event Stable Manager” sertifikati, marketing va kommunikatsiya strategiyalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Forumda veterinariya sohasiga alohida e’tibor qaratilib, qoidalarni takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va mutaxassislar mas’uliyatini oshirish masalalari ko‘tarildi. Bundan tashqari, otlarning farovonligi va xavfsizligini ta’minlash global darajadagi ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar kelgusida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik, jumladan, 2028-yil Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rish borasida o‘zaro tajriba almashdi.
Qayd etilishicha, mazkur forum xalqaro miqyosda tajriba almashish, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda ot sportini yanada ommalashtirish va rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA