Xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘lida muhim qadam
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali “Zooinjeneriya” kafedrasi o‘qituvchisi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori (DSc) A.Urimbetov Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida bo‘lib o‘tgan “2026 China–Central Asia Industry–University–Research–Application Cooperation Conference” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli xalqaro anjuman Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi hamda Shinjon – Uyg‘ur avtonom rayoni xalq hukumati hamkorligida tashkil etildi. Unda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ishlab chiqarish korxonalari hamda soha mutaxassislari jam bo‘ldi.

Konferensiya davomida ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, zamonaviy ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, innovatsion texnologiyalar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, agrar sohada xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Anjuman doirasida A.Urimbetov o‘zining ilmiy ma’ruzasi bilan ishtirok etib, sohaga oid dolzarb masalalar, amaliy tadqiqotlar natijalari hamda ilmiy yondashuvlar yuzasidan taqdimot qildi.

Qoraqalpog‘istonlik olimning mazkur xalqaro anjumandagi ishtiroki filialning xalqaro ilmiy aloqalarini kengaytirish, xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda professor-o‘qituvchilarning xalqaro ilmiy maydondagi faolligini oshirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Bunday nufuzli xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish ilg‘or ilmiy tajribalarni o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish, istiqbolli ilmiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, mazkur oliy o‘quv yurtining ilmiy salohiyatini yuksaltirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish va agrar ta’lim hamda ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri