O‘quvchilarning yozgi ta’tili mazmunli tashkil etilmoqda
FOTOREPORTAJ
Yoshlarning yozgi ta’til vaqtini mazmunli va samarali tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” dasturi doirasida Andijon shahridagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar uchun turli yo‘nalishlardagi mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tashabbus yoshlarning bo‘sh vaqtini foydali o‘tkazish, ularning qiziqishi va iqtidorini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
2019-yilda mukammal ta’mirlangan mazkur ta’lim muassasasida ayni paytda 3 ming 591 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktabda yozgi ta’til davomida zamonaviy ta’lim, ijod va mahorat, sport va sog‘lom turmush, san’at, tasviriy ijod, kitobxonlik hamda kasbga yo‘naltirish kabi yo‘nalishlarda turli to‘garak va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilgan.
Ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasi bu kabi mashg‘ulotlarni samarali o‘tkazish imkonini bermoqda. Xususan, informatika xonalari, sport zali, kutubxona, faollar zali va maxsus fan xonalari o‘quvchilar ixtiyoriga taqdim etilgan. Mashg‘ulotlar davomida bolalar sport musobaqalarida ishtirok etish, mutolaa qilish, rasm chizish, qo‘l mehnati bilan shug‘ullanish va kompyuter texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
[gallery-30183]
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA