Xalqaro forumda O‘zbekiston sport ta’limidagi o‘zgarishlar e’tirof etildi
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi” doirasidagi tadbirlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston sport akademiyasi Portugaliya oliy ta’lim muassasasi vakillari bilan manfaatli hamkorlik masalasida kelishuvlarga erishdi.
Qirg‘iziston va Tojikiston universitetlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini yanada kengaytirish lozimligiga e’tibor qaratildi.
Forumda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu kelishuvlar mamlakatimiz sport ta’lim muassasalarining xalqaro aloqalarini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Forumda va uning doirasidagi tadbirlarda ishtirok etayotgan Portugaliyaning Jean Piaget Polytechnic Institute of the North (IPJPN) oliy ta’lim muassasasi vitse-prezidenti Paula Rodriges poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” majmualari bilan yaqindan tanishuv asnosida “Prezident olimpiadasi” musobaqalarini kuzatdi.
O‘zbekiston sport akademiyasi mutasaddilari bilan suhbat jarayonida mamlakatimiz sportida yuz berayotgan o‘zgarishlar, sport ta’limida har jihatdan salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash tizimidagi sa’y-harakatlarni e’tirof etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA