Namanganda «Uzbekistan Open» xalqaro turniri bo‘lib o‘tmoqda
Namangan shahridagi «Pahlavon» sport majmuasida taekvondo WT bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida «Uzbekistan Open» xalqaro turniri bo‘lib o‘tmoqda.
26-oktabr kuni start olgan musobaqada O‘zbekiston sportchilari bilan bir qatorda Rossiya, Eron, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Hindiston kabi davlatlardan tashrif buyurgan jami ming nafardan ziyod taekvondochi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
Mazkur xalqaro turnir davlatimiz rahbarining 2022-yil 29-iyuldagi «Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Butunjahon taekvondo federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Musobaqada xorijiy davlatlarning mahoratli sportchilari bilan bir qatorda O‘zbekiston terma jamoasi vakillari ham turli vazn toifalarida o‘z mahoratini namoyish etmoqda.
Dastlabki bellashuvlarda bir qator vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston sportchilari 10 ta oltin, 6 ta kumush va 20 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
[gallery-32216]
Turli yosh toifalaridagi sportchilar ishtirokidagi mazkur xalqaro turnir 30-oktabrga qadar davom etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA