Xalq shoiri e’tirofi: Zarkent yoshlarining ko‘zida yoniqlik ko‘rdim
Mustaqillikning 35 yilligi oldidan
Janubiy kon boshqarmasida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Eng ulug‘, eng aziz bayramga munosib tuhfa” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ishchi-xodimlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan ijodiy kechada O‘zbekiston xalq shoiri Xosiyat Bobomurodova hamda taniqli ijodkorlar Aziza Boymurodova va Qurbonoy Yusupovalar mehmon bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, Qo‘shrabot tumani azaldan o‘zining adabiy muhiti, kitobxonlik an’analari va iste’dodli farzandlari bilan alohida ajralib turadi. Bugungi kunda Janubiy kon boshqarmasida faoliyat yuritayotgan zahmatkash konchilar orasida ham adabiyot ixlosmandlari, she’riyat shaydolari talaygina. Ijodiy uchrashuv davomida shoiralar tomonidan ona Vatanni madh etuvchi, istiqlol ne’mati va inson qadrini ulug‘lovchi yangi she’rlar o‘qib eshittirildi. Shuningdek, konchilik kasbining mashaqqati va sharafi haqidagi diltortar misralar yig‘ilganlarga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
— Bunday ma’naviy uchrashuvlar ishchi-xodimlarimizning kayfiyatini ko‘tarish bilan birga, ularning qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat va o‘z kasbidan faxrlanish tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi, — deydi tadbir tashkilotchilari.
Zarkent qo‘rg‘onida bo‘lib o‘tgan ushbu she’riyat kechasi konchilar uchun mazmunli hordiq va haqiqiy bayram tuhfasiga aylandi. Uchrashuv davomida ijodkorlarning konchilar bilan samimiy muloqoti tashkil etildi. Tadbir taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekiston xalq shoiri Xosiyat Bobomurodova quyidagilarni ta’kidladi.

— O‘tgan hafta Nurobod tumanidagi sanatoriylardan birida dam olayotganimizda, kutilmaganda Janubiy kon boshqarmasi vakillari bizni yo‘qlab keldi, — deydi X. Bobomurodova. — Ularning Zarkent qo‘rg‘oniga, zahmatkash konchilar huzuriga taklif qilganidan boshimiz osmonga yetdi. Mana bugun metallurglar va soha fidoyilari bilan yuzma-yuz uchrashib turibmiz. Tadbirga ko‘rilgan puxta tayyorgarlik va konchilarning adabiyotga bo‘lgan yuksak ehtiromi biz kutgandan ham ziyoda bo‘ldi.
Tadbirda konchilar tomonidan shoiraning she’rlari yoddan aytilgani ijodkorlarga bo‘lgan cheksiz hurmatning ifodasi bo‘ldi. Muxlislar olqishi va samimiy e’tiroflar davraga ko‘tarinkilik bag‘ishlab, mushoira kechasini haqiqiy bayramga aylantirdi.
Tadbir doirasida so‘z olgan mehnat faxriysi, mahalliy ijodkor Abdumalik Hamroyev shoira ijodiga yuksak baho berdi.
— Xosiyat Bobomurodovaning ijod namunalari xalqchilligi, sodda va samimiyligi bilan ko‘ngillarga yaqin, — deydi A. Hamroyev. — Uning har bir misrasida baxshiyona ruh, insoniy tuyg‘ular ufurib turadi. Bugungi ijodiy kechada bunga yana bir bor amin bo‘ldik. O‘zbek she’riyatining atoqli vakili Erkin Vohidov aytganidek, shoir o‘z qalbida yonmasa, boshqalar qalbini yondira olmaydi. Mahorat va badiiy vositalar faqatgina qalb harorati bilan qo‘shilgandagina haqiqiy san’at asariga aylanadi.
Uchrashuv yakunida konchilar va she’riyat ixlosmandlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Bu kabi madaniy tadbirlar soha xodimlarining ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida: Xosiyat Bobomurodova o‘zbek adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan serqirra ijodkorlardan biridir. Shoiraning “Daryodan qatra” (1979), “Qalb titrog‘i” (1984), “Turnalarim” (1984), “Samarqandga maktublar” (1988), “Men uzgan gullar” (1992), “Murod qasri” (1997) hamda yaqinda nashr etilgan “Baxt maydoni” (2025) kabi o‘nlab she’riy to‘plamlari kitobxonlar e’tiborini qozongan. Shuningdek, muallifning “Bola ko‘targan ayol” dramasi, “Vatan yagonadir”, “Jonimning egasi”, “Bormisan, o‘zbek”, “Mehr”, “Hayqiriq” kabi dostonlari, “Qizilqum malikalari”, “Sahrodagi jannat”, “O‘quvchi odoblari” kabi publitsistik asarlari ma’naviyatimizni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
X. Bobomurodovaning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanib, u “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati”, “Mehnat shuhrati” ordenlari va “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Xosiyat Bobomurodova bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqot barcha ishtirokchilarda boy taassurot qoldirdi. Suhbat davomida Xosiyat Bobomurodova ijod mashaqqati va so‘z mas’uliyati haqida to‘xtalar ekan, jumladan shunday dedi:
— Qog‘oz va qalamga oshno ayolning hayoti doim sinovlarga boy bo‘lgan. Ijod — bu ruhiy ehtiyoj, qalbdagi dard va quvonchni oqqa tushirish demakdir. Taqdirimga ijod yo‘li bitilganidan, har qanday vaziyatda ham so‘zga suyanganimdan mamnunman. Bugun konchi yoshlarning shijoatga to‘la ko‘zlarini ko‘rib, qalbim taskin topdi. Ularning maqsadi yuksak, ko‘ngillari esa mana shu keng sahrolardek bepoyon. Adabiyotni ardoqlaydigan xalqimiz bor ekan, ijod o‘ti hech qachon so‘nmaydi.

Uchrashuv yakunida ko‘klam nafasi ufurib turgan mazkur damlarga hamohang ravishda shoiraning “Bahor” she’ridan namuna havola etildi:
Buncha nozik, mitti g‘unchalar,
Qanday qilib ochilar, kular?
Balki uning jasoratini
To‘lg‘oq tutgan onalar bilar.
Qirg‘oqlarga sig‘may toshar suv,
Shivirlaydi yashil yaproqlar.
Turnalarning qaytganin ko‘rib,
Vujudimga kirar titroqlar.
Karaming mo‘l, qodir Allohim,
Maysa ekding hatto toshgacha.
Yashash darsin o‘tarsan balkim,
Bahoringda keksa, yoshgacha.
Ufqlarga yetsa qulochim,
Lolalarni bag‘rimga bossam.
Kapalakning qanotlariga
Yonib turgan dilimni ossam.
Bahorning gul quchoqlarida
Tirilgim ham o‘lgim keladi.
O‘zbekiston, onam, bag‘ringda,
Bahor bo‘lib qolgim keladi.
Dildora ATABAEVA,
Janubiy kon boshqarmasi
Axborot va ma’naviyat-ma’rifat guruhi rahbari