Xalq ishonchini amaliy ishlar bilan oqlayotgan deputat
Mahalliy Kengash deputati faoliyatining samarasi, avvalo, fuqarolar muammolariga qanchalik tez va samarali yechim topa olishi bilan baholanadi.
Xalq deputatlari Qo‘ng‘irot tumani Kengashi deputati Axmet Xojaniyazovning faoliyati ham aynan ana shunday amaliy yondashuvi bilan e’tibor qozonmoqda. Joriy yilda deputat yoshlar manfaatini himoya qilish, ularning muammolarini o‘rganish va amaliy yechim topish borasidagi samarali faoliyati uchun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan “Yoshlar muammolarini hal etishda 30 nafar eng faol mahalliy Kengash deputati” qatoridan munosib o‘rin oldi. Bu e’tirof deputatning saylovchilar, ayniqsa, yoshlar bilan tizimli ishlayotganining amaliy tasdig‘idir.
Shuningdek, A.Xojaniyazov faoliyatida fuqarolar murojaatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yaqinda deputatga A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘lining Qo‘ng‘irot tuman hududidan o‘tuvchi 878-879 kilometr oralig‘idagi burilish qismi yaroqsiz holga kelgani yuzasidan aholi murojaati kelib tushdi.
Mazkur murojaat asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Qo‘ng‘irot tumani Yo‘llardan muntazam foydalanish” davlat muassasasi rahbari nomiga deputatlik so‘rovi yuborildi. Deputatlik nazorati natijasida muammo qisqa muddatda bartaraf etilib, yo‘lning nosoz qismi ta’mirlanib, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida mazkur yo‘l kesishmasiga 2.4 yo‘l belgisi ham o‘rnatildi.
Bunday amaliy natijalar mahalliy Kengash deputatining asosiy vazifasi faqat sessiyalarda ishtirok etish emas, balki fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolariga yechim topish va ijro ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yishdan iborat ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Xalq ishonchini qozonish oson emas. Uni saqlab qolish esa muntazam mehnat, tashabbus va mas’uliyatni talab qiladi. Axmet Xojaniyazovning bugungi faoliyati aynan ana shunday tamoyillarga tayangan holda davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri