O‘zbekiston va Tatariston fanlar akademiyalari ilmiy sheriklikni kengaytiradi
Ilm-fan sohasidagi xalqaro hamkorlik fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy tajriba almashish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etishning ustuvor omili hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, yetakchi ilmiy muassasalar o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlash va qo‘shma tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.
Qozon shahriga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.Ayupov hamda Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti R. Minnixanov ikki muassasa o‘rtasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasini imzoladi.
Mazkur hujjat 2025-yilda imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumining mantiqiy davomidir. U ikki tomonlama ilmiy aloqalarni izchil rivojlantirish, tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda fundamental va amaliy izlanishlar sohasidagi sheriklikni mustahkamlashni ko‘zda tutadi.
Hamkorlik rejasi fizika-matematika, texnika, kimyo-biologiya hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishlarini qamrab oladi. Hujjatda ustuvor ilmiy yo‘nalishlarda qo‘shma tadqiqotlar olib borish, olimlar o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy anjuman va seminarlar tashkil etish, shuningdek, ikki akademiya tarkibidagi ilmiy tashkilotlar o‘rtasida bevosita aloqalarni kengaytirish ko‘zda tutilgan, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ma’lumotida.
Rejada yosh olimlar va tadqiqotchilar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ilmiy kadrlar tayyorlash borasida tajriba almashish hamda yosh avlod vakillarining xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ishtirokini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa ilmiy maktablar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish va yangi avlod tadqiqotchilarining salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutadi.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA